Payshanba, 20 Sentyabr 2018

Ziyod Eshonxo‘jaevning kimnidir yig‘latgan, kimgadir saboq bo‘lgan qo‘shiqlari

“Uchquduq” guruhi — xalqimizning sevimli estrada guruhi “Yalla”ning izdoshi. Uning solisti Ziyod Eshonxo‘jaev dunyoning juda ko‘plab mamlakatlarida gastrol safarlarida bo‘lib, o‘zbek san‘atini olamga tanitdi. Xonanda, shuningdek, bir nechta tillarda so‘zlasha olishi bilan ham barchani hayratga solgan.

— Ancha payt xorijda faoliyat yuritdingiz. O‘z yurtingizdan uzoqda ijod qilish qiyin bo‘lmadimi?

— Darhaqiqat, yigirma yil davomida Rossiyada ijod qildim, bu davr ichida butun dunyo bo‘ylab gastrol safarlarida bo‘ldik. Lekin hech bir to‘siq yoki qiyinchilik sezganim yo‘q, chunki rus tilini yaxshi bilaman, qolaversa, shartnoma asosida ishlash taklifini o‘sha paytda ularning o‘zlari berishgan. Sharq san‘atiga ishqibozlik Evropada ham kuchli. Bizga studiya berishlarini aytib, birga ishlashni taklif qilishdi va “Ciz milliy kadrsiz, keling, birga ishlaymiz, dunyo kezib, turli xalqlarning san‘atini o‘rganamiz va o‘z san‘atimizni ham namoyish qilamiz”, deyishdi. Ijodiy faoliyatimiz shu bilan boshlandi.

Inson dunyo kezgandan keyin o‘z yurtining qadriga etarkan. Musofirchilikda hatto bolalikda urushib yurgan do‘stlaringiz, mashinangizning ballonini teshib qochadigan qo‘shni bolalar ham ko‘zingizga boshqacha ko‘rina boshlarkan. Hatto o‘shalarni ham sog‘inarkansiz. Yana shuni  angladimki, boshqa hech qaerda bizning xalqimizdek san‘atga hurmat, e‘tibor, muhabbat bilan qaraydigan xalqni uchratmadim.

— Xorijdagi guruhlar bilan hamkorlikda ham ijod qildingizmi?

— “A studio” guruhi bilan avvaldan do‘stligimiz bor. Bir kuni studiyada birga o‘tirganimizda, guruh ijodkorlari qo‘shiq xirgoyi qilayotganimni eshitib, birga qo‘shiq kuylashni taklif qilishdi. Qo‘shiq so‘zlari yozildi va hamkorlikda kuylagan qo‘shig‘imiz tezda muxlislar orasida tilga tushdi. Bundan xursand bo‘ldim, albatta.

— Bolaligingizda sizni san‘atga qiziqtirgan eng muhim sabab nima bo‘lgan?

— Men ham ko‘p bolalar singari taniqli arbob bo‘lishni, she‘rlar yozishni orzu qilganman, ammo san‘atga ishqibozligim kichkinaligimdan bor edi. Otam diniy bilimlarni juda chuqur egallagan inson bo‘lganlar. Ularning oldiga ko‘p odamlar maslahat so‘rab kelishardi. Bu insonlar orasida taniqli shaxslar ham ko‘p bo‘lardi.

Farruh Zokirovning otasi — Karim Zokirov otamning yaqin do‘stlari bo‘lganlar. Onalari Shohista opa onam bilan yaqin dugona edi. Shu sabab, bolaligimda Farruh aka, rahmatli Novfal aka, Botir akalarni ko‘p ko‘rganman. Ayniqsa, Botir akam televizorda qo‘shiq aytganlarini ilk bor ko‘rganimda, ularga havas qilganman.

Sattor Yarashevning shogirdi bo‘lgan Sharofiddin akam besh yoshligimda gitara olib berganlar. Uyimizda musiqa eshitadigan o‘sha davrning zamonaviy uskunasi — patefon bor bo‘lib, oilamdagilar ertaklarni, o‘z davrining mashhur san‘atkorlari — Elvis Presli, Lui Armstrong kabi xonandalarning ashulalarini plastinkadan bemalol eshitishimizga ruxsat berishgan. San‘atga kirib kelishimga uyimizdagi mana shu muhit va jahon san‘ati vakillari ijodi bilan tanishganim ham sabab bo‘lgan.

“Uyimizdagi kattalar doim “O‘g‘lim, bizda biron ishni boshlashdan oldin o‘sha ishning ustalaridan fotiha olinadi, har bir ish fotiha bilan boshlanadi”, deyishardi. Mana shu o‘gitga amal qilgan holda, men ham san‘atga kirib kelishda yaqinlarim va ustozlarim — Farruh Zokirov, jahonda gitara qiroli deya tan olingan Bi Bi Kingdan fotiha oldim va shu tufayli dunyo kezib, san‘atimni namoyish qilish baxtiga erishdim”.

— Demak, bolalikda xirgoyi qilgan qo‘shiqlaringiz ham o‘sha paytdagi jahon san‘ati namunalari bo‘lgan ekan-da?

— Ha, bu qo‘shiqlarni bolalikdan sevib tinglaganman va xirgoyi qilganman. Dadam buni bilardilar. Shu sabab,  5-6 yoshimda skripka olib berib, musiqa maktabiga olib bordilar va “Eti sizniki, suyagi bizniki”, deya meni o‘sha dargohda o‘qitish istagini bildirdilar. Maktab o‘qituvchilari mendan “Qani, bizga qanaqa ashula aytib berasiz?” deb so‘rashdi va, nazarimda, o‘zbekcha ashula aytib berishimni kutishdi. Men esa Lui Armstrongning qo‘shig‘idan bir satr kuyladim. Buni eshitib ko‘rgach, o‘tirganlar “Qori aka, bu o‘g‘lingiz kasal emasmi?” deya hayron bo‘lishdi. Keyin “O‘g‘lingiz san‘atga umuman aloqasi yo‘q bola ekan, uni musiqa maktabida o‘qitaman, deb ovora bo‘lmang”, deyishdi-yu, maktabga olishmadi. Ammo aynan shu maktab rahbarlari keyinchalik Moskvadagi o‘sha paytdagi markaziy TV orqali qo‘shiqlarim bilan chiqishni boshlaganimda, “Bizning maktabda o‘qigan o‘quvchilardan biri mana shu bo‘ladi!” deyishgan faxr bilan…

— Demak, musiqa maktabidagilarning bu javobi ham qiziqishlaringizni so‘ndira olmagan…

— Qiziqishlarim so‘nmadi, albatta. Poytaxtdagi Qorasaroy dahasida katta bo‘lganman. Bolaligim “Qumloq”, “Xasti Imom”, “Guruch ariq” mahallalarida o‘tgan. Dastlab o‘sha erdagi 28-maktabda o‘qidim. Keyinchalik oilamiz kattaligi uchun bizga Chilonzordan uy berishdi. 77-maktabda o‘qishni davom ettirdim. O‘quvchilik yillarimda tadbirlarda o‘z san‘atimni namoyish etishda juda faol bo‘lganman, bundan tashqari, gimnastika bo‘yicha sport ustasiman. Bu sport turi bo‘yicha ko‘p bora maktabimiz sharafini himoya qilganman. Badiiy havaskorlik to‘garagida, rassomlik bo‘yicha ham faol edim, hatto maktab devoriy gazetasining redaktori qilib qo‘yishgan o‘shanda.

— San‘atkor sifatida ish boshlagan paytingizda, sizni “Yalla”ning xonandalaridan biri sifatida tanishgan. Guruh tarkibida qancha muddat birga ishlagansiz?

— Darhaqiqat, maktabni tugatganimdan keyin Farruh akam o‘z guruhiga ishga olganlar. Lekin ko‘p o‘tmay, harbiy xizmatga chaqirib qolishdi. Xizmatdan kelgunimcha, “Yalla”ning tarkibi to‘lgandi, shu sabab, Asqar Fatxullin meni “Navo” ansambliga ishga oldi. Bu orada madaniyat institutida o‘qidim. Institutda ustozim Baxtiyor Sayfullaevdan saboq olganman.

— Katta sahnada kuylagan ilk qo‘shig‘ingizni eslay olasizmi?

— Katta sahnaga ilk bor “Bu oqshom” deb nomlangan o‘z qo‘shig‘im  bilan chiqqanman. Qo‘shiqqa klip ham ishlaganmiz.

Sharofiddin akam she‘r ham yozib turardilar. Shu qo‘shig‘imning she‘rini akam yozib berganlar. She‘r yozilayotgan jarayondayoq uning musiqasini bastalaganmiz va qo‘shiq yozildi. Ushbu chiqishdan keyin tanlovlarga, televideniega chaqirishdi, biz haqimizda musiqali film olish taklifini berishdi. Yana bir nechta qo‘shiqlarim yozildi, asta-sekin qo‘shiqlarim yozilgan plastinkalar sotuvga chiqdi…

U paytlarda Kamoliddin Rahimov, Sherali Jo‘raev kabi xonandalar yo‘nalishida kuylanadigan qo‘shiqlar odamlar orasida mashhur edi. Estrada yo‘nalishida ijod qiladigan xonandalar kam — “Yalla” ansambli va Botir Zokirov qo‘shiqlari bor edi, xolos. Men ham Farruh akalarning izidan borib, estrada yo‘nalishida qo‘shiqlar kuyladim va ozmi-ko‘pmi, muxlislar orttirdim.

“Yoshligimizdan katta san‘atkorlar: “Can‘at shunday bir ilmki, inson u orqali hayotiy savollariga javob topadi. Stanokda ishlaydigan ishchi xato qilsa, bitta uskuna ishdan chiqadi, lekin siz xato qilsangiz, butun jamiyatni zaharlashingiz mumkin. Shuning uchun har bir qo‘shiqni yaratishda nihoyatda ehtiyot bo‘ling!” deb uqtirishgan. San‘atda xato qilish, keraksiz so‘zlarni ishlatish, ma‘nosiz g‘oyalarni olg‘a surish mumkin emasligini o‘rgatishgan. Yuragimga o‘rnashib qolgan mana shu o‘gitlarga hozirgacha amal qilaman”.

 San‘atkor sifatida ham, oddiy bir inson sifatida ham siz hayotda eng muhim deb hisoblaydigan narsa nima?

Inson hayotida eng muhimi, bu — oila. Chunki hammamiz ham oilam, bola-chaqam deb, olg‘a intilamiz, mehnat qilamiz. Ammo oramizda o‘tkinchi havas, yolg‘onchi tuyg‘ularga ishonib, o‘sha eng muhim boyligini yo‘qotadiganlar ham bor. Insonning avvalo oilasi mustahkam bo‘lsa, qolgan ishlari o‘z yo‘lida ketaveradi. Ijodimda mana shu mavzu doim muhim o‘rinda turadi.

Yaqinda konsertdan keyin bir qizcha so‘z oldi. “Hurmatli “Uchquduq” guruhi ijodkorlari, Ziyod aka, men sizlarga minnatdorchilik bildirmoqchiman, — dedi u. — Chunki siz kuylagan qo‘shiqni eshitgan dadam oilamiz bag‘riga qaytdi. U kishi boshqa bir ayol sababli bizni tashlab ketgandi. “Tы i ya” qo‘shig‘i va  unga olingan klipni dadam TVda ko‘rgan ekan. Bir kuni uyimizga kelib, telefonini yoqib, shu qo‘shiqni qo‘ydi-da, onamning oldiga tiz cho‘kib, “Men uchun dunyodagi eng sevimli inson sizlar, eng qadrli maskan  oilam ekan, sizlarni boshqa hech qachon tashlab ketmayman, xato qilganimni tushunib etdim”, deya bosh egdi”. Mening qo‘shig‘im tufayli bir inson xatosini tushunganidan, oilasiga qaytganidan xursand bo‘ldim, albatta.

— Demak, yaxshi turmush o‘rtoq va yaxshi ota bo‘lish o‘zingizning ham bosh maqsadingiz…

— Albatta, chunki turmush o‘rtog‘ingiz, birinchidan, bolalaringizning onasi, ikkinchidan, u sizning umr yo‘ldoshingiz, qolaversa, orangizda yaxshi munosabat bo‘lsa, u sizning eng yaqin do‘stingiz bo‘la oladi. Shu borada yoshi ulug‘ bir tanishimdan “Oilani muvozanatda ushlab turish, turmush o‘rtog‘imiz bilan doim til topishish uchun qanday inson bo‘lishimiz kerak?” deb so‘raganimda, maslahat bera turib, shunday gaplarni aytdi: “Ayolingga hech qachon o‘zi sevgan kasbi bilan shug‘ullanishini taqiqlama. Agar u rassom bo‘lsa, suratlarini chizsin, kocmonavt bo‘lsa, Oyga uchsin. Chunki inson o‘zi yaxshi ko‘rgan kasb bilan hayotdan ham ruhan, ham ma‘nan lazzat oladi. Hayotdan mamnun ayol esa turmush o‘rtog‘iga ham hech qachon yomon munosabatda bo‘lmaydi. Ayolingga hayotdan o‘ziga kerakli barcha quvonchlarni olish imkonini ber! O‘shanda orangizdagi munosabat mustahkamlanib boraveradi. Va farzandlarga ham faqat ijobiy ma‘noda namuna bo‘la olasizlar”.

Biz ham kelinoyingiz bilan o‘ttiz besh yildan buyon bir-birimizni tushungan holda yashab kelyapmiz, rafiqam — tibbiyot sohasi bo‘yicha olim, butun umrini shu sohaga bag‘ishlaganlar. Uch nafar qizimizni birga voyaga etkazdik. Rafiqam nafaqat oilada, balki ijodimda ham menga ilhom berib turadigan asosiy yaqin insonim hisoblanadi. Mustaqilligimizning ilk yillarida san‘atga qaytib, ijod boshlagan paytimda, yangi qo‘shiq yaratish harakatiga tushdim. O‘shanda yurtimiz muctaqilligining besh yilligi arafasida kuylagan qo‘shig‘imning she‘rini ayolim yozib berganlar:

O‘zbek deya atalur nomim,

Men dunyoga mag‘rur boqaman,

Mehmon uchun tasadduq jonim,

Do‘stlarimga quchoq ochaman,

Men o‘zbekman, o‘zimga bekman,

Jannatmakon el farzandi, o‘zimga bekman.

Ushbu satrlar bilan kuylanadigan qo‘shig‘im kelinoyingiz bilan ijodiy hamkorligimiz mahsuli bo‘lgan.

— Farzandlaringiz orasida san‘atga qiziqadiganlari bormi?

— Ular san‘atga qiziqishadi, yaxshi ko‘rishadi, lekin bir xonadonga bitta san‘atkor etadi. Farzandlarim — qizlar, shuning uchun qizlarga xosroq kasblar bilan shug‘ullangani ma‘qul, deb o‘ylayman. Katta qizim xalqaro menejment sohasida o‘qidi, ikkinchi qizim tibbiyot akademiyasini bitirdi. Uchinchi qizim ham tibbiyot sohasi bo‘yicha institutda talaba. Bu insonga bir umr kerakli kasb. San‘atkor bo‘lish yaxshi, lekin bu sohada hamma ham Farruh Zokirov yoki Sherali Jo‘raev bo‘la olmaydi. Haqiqiy san‘atkor bo‘lish mashaqqati baribir qiyin.

—  Bu mashaqqatni eng ko‘p qachon his qilgansiz? Qaysi qo‘shig‘ingiz qiyinchilik bilan yozilgan?

— Aslida har bir qo‘shig‘imning o‘z yozilish tarixi bor. Hech esimdan chiqmaydi, “O, yoshligim, tark etma meni” qo‘shig‘i otamdan ayrilgan kunim yozilgan. O‘sha kuni otam rahmatlini qabrga qo‘yib qaytganimizdan keyin studiyadan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va qo‘shig‘imni yozish uchun navbatim kelganini aytishdi. “Bormayman” desam, studiyadagilar va onam bunday qilish mumkin emasligini tushuntirishdi.

Shundan keyin ilojsiz studiyaga yo‘l oldim. Borsam, ovoz yozish studiyasida Moskvadan, Germaniyadan kelgan bir guruh xorijlik mehmonlar ham meni kutib o‘tirishgan ekan. Ular qo‘shiqlarimni eshitib ko‘rib, “Bu oqshom” va “O yoshligim, tark etma meni” nomli ikkita ashulamni “Omega” nomli disk chiqaradigan studiyaga olib ketishni maqsad qilishgan ekan.

Kayfiyatim yo‘q bo‘lishiga qaramay, qilinishi kerak ishni qilishim kerak dedim-u, kuylashni boshladim:

O, yoshligim, tark etma meni,

Haroratdan yaralar hayot.

Hayot bo‘lib kular muhabbat,

Halovatsiz dilda harorat,

O, yoshligim, tark etma meni…

Qo‘shiqni kuylayapman-u, otam va u kishi bilan bog‘liq xotiralar: oyog‘imni kuydirib olgan paytimda, yiqilib oyog‘imni betonga urib olib gips qildirganimda, daraxtdan tushib ketganimda otamning meni qo‘llarida ko‘tarib olib ariqdan olib chiqayotganlari, shifoxonaga olib ketayotganlari ko‘z oldimdan bir-bir o‘taverdi. Bolaligimda juda sho‘x edim, doim nimadir bo‘lardi. Lekin doim otamning mehribonliklarini, mana shu tarzda men uchun yordamga shay ekanliklarini his qilib katta bo‘lgan ekanman. Ashulani xotiralarga berilib, shu darajada yurakdan aytdimki, hatto o‘zbekchani tushunmaydigan xorijliklar ham “Bu qo‘shig‘ing nima haqida? Juda ta‘sirli aytding”, deb so‘rashgan. Qo‘shiq birinchi ovozdayoq yozilib, disk uchun qabul qilingan.

— Bugungi zamonaviy o‘zbek san‘ati vakillarining ijodiga qanday baho beryapsiz? Yoshlarning san‘ati sizga ma‘qulmi?

— San‘atda men tushunadigan narsa shuki, san‘atkor qo‘shig‘i orqali ko‘nglidagi barcha his-tuyg‘ularini aks ettira olishi lozim. Yaqinda bir tadbirda gitara chalib qo‘shiq aytsam, u erdagilarning ko‘zlari yoshlandi. Erkak kishining yig‘laganini ko‘rmaganman. Shuning uchun ulardan buning sababini so‘radim. O‘shanda o‘tirganlardan biri “Qo‘shig‘ingizni eshita turib, o‘tib ketgan qirq yillik umrim, yoshligim, topganlarim, yo‘qotganlarim yodimga tushdi. Shundan beri qancha suv oqib o‘tdi, boshimdan nimalar o‘tmadi, bularni eslab, yuragim to‘lqinlanib, ko‘zimga yosh keldi”, dedi. Demak, bu qo‘shiq uning dilidagi nozik torlarga tegib ketgan, uning dardlarini ham o‘zida aks ettirgan. San‘at aslida shunaqa bo‘lishi kerak. Bugungi ashulalarning ko‘pida mana shu ko‘ngildagi eng nozik torlarga tegadigan jihat yo‘q. Fonogrammada kuylanadigan qo‘shiqlar haqida ham shunday deyish mumkin.

— Ayni paytda qanday rejalar, loyihalar qilish niyatidasiz?

— Gitaradan gitara qirolining fotihasini olganman. Shu sabab, gitara chalish mahorati, sirlari, usullarini yoshlarga o‘rgatish niyatim bor. Chunki shu paytgacha olgan bilimlarimni, san‘atda egallagan ko‘nikmalarimni yoshlarga o‘rgatish vaqti keldi, menimcha. Agar bu borada sharoit yaratib berishsa, qo‘limdan kelgancha bor mahoratimni ishga solaman va bu ishni yo‘lga qo‘yishning uddasidan chiqamiz. Chunki olgan bilimlarimizni yosh avlodga berish — o‘z ishining ustasi bo‘lgan har bir inson uchun ham qarz, ham farz, deb hisoblayman.

“Turmush o‘rtog‘im kardiologiya bilan birga endokrinologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib boradi. Inson butun hayoti davomida kuchini yo‘qotib boradi, tana qariydi. Ular hozir ana shu jarayonni ozgina muddatga bo‘lsa-da, to‘xtatish ustida ish olib borishmoqda. Ular olib borayotgan tajribalarning ilk sinovchisi — o‘zimman (kulib). Shuning uchun ancha yosh ko‘rinaman”.

 Muhabbat ShARIFOVA suhbatlashdi.