Chorshanba, 19 Sentyabr 2018

Jamiyatni tanazzulga etaklovchi illat

Bugungi globallashuv zamonida fuqarolik jamiyatining ma‘naviy qiyofasiga putur etkazuvchi illatlar ko‘payib borayotgani kelajakni o‘ylaydigan har bir insonni tashvishga solmay qo‘ymaydi. Giyohvandlik, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning ortib borayotgani, ommaviy madaniyat — bularning barchasi bugun keng jamoatchilikni qiynab kelayotgan o‘ta jiddiy masalalardir. Ularning orasida yana bir muammo ham borki, uni alohida e‘tirof etish lozim. Chunki bu illatning vaqtida echimini topilmaslik o‘z navbatida boshqa ulkan muammolarni keltirib chiqaradi. Uning nomi — behayolik. Bir qarashda bu unchalik ahamiyatga ega emasdek tuyuladi. Ammo hozirgi kunda ko‘plab uchrayotgan salbiy illatlar: nikohsiz bolalarning tug‘ilishi, buzuqliklar, fohishalik, jismoniy zo‘ravonliklar — bularning ortida bevosita behayolik turibdi.

Millatni ichidan emirishga qaratilgan mafkura

Behayolik kecha yoki bugun paydo bo‘lgan tushuncha emas. Uning tub ildizi qadim zamonlarga borib taqaladi. Antik davrni bu illatning ayni urchigan payti, deb bemalol aytish mumkin. O‘sha davrga oid turli manbalarda bu haqda juda ko‘plab materiallar uchraydi. Hattoki, antik davrda behayolik “demokratiya tantanasi” deb atalgandi.

O‘shanda behayolik markaziy Osiyoda, xususan, vatanimiz hududida u qadar chuqur ahamiyat kasb etmagan, ya‘ni jamiyatni aytarli bezovta  qilmagan. Bunga sabab, mamlakatimiz aholisi islom diniga amal qilganligidir. Islom dini kirib kelguniga qadar ham zardushtiylar kishilarni bu kabi illatlardan qaytarib kelganlar. Islom diniga amal qilina boshlaganidan so‘ng esa Imom al-Buxoriy, at-Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahovuddin Naqshbandiy, Mahmud Zamahshariy singari o‘z davrining buyuk allomalari purma‘no asarlari bilan hayo insonning asosiy ziynati ekanligini doimo uqtirib keldilar. Ayniqsa, buyuk bobomiz Alisher Navoiy deyarli barcha asarlarida hayo bebaho fazilat ekanligini tarannum qilganlar. Navoiy zamonidan to sho‘rolar bosqiniga qadar ham behayolik omma orasida unchalik ta‘sir kuchiga ega bo‘lmagan. Sho‘rolar tizimi davrida bu illat o‘z bo‘yini va ilk nishonlarini ko‘rsata boshladi. Asta-sekinlik bilan ayollar orasida tamaki chekish, spirtli ichimliklarni iste‘mol qilish odatiy holga aylandi. Hattoki, oilaviy munosabatlarda teng huquqlilikni da‘vo qilib, ayollik vazifalarini ham turmush o‘rtog‘i zimmasiga yuklaydigan ayollar ko‘paydi. Bularning bari millatni ich-ichidan emirishga qaratilgan mafkuraning g‘alabasi edi. Dinga e‘tiqod mutlaqo bo‘g‘ildi. Insonlar buyuk allomalarimizning nihoyatda qimmatli badiiy merosidan mahrum qilindi va behayolik o‘zining siyratini bor bo‘yi bilan ko‘rsata boshladi.

Mustaqillik milliyligimizni qaytardi

Mustaqilligimiz qo‘lga kiritilganidan keyin, qadriyatlarimiz qayta tiklanib, yurtimizning ma‘naviy qiyofasi ham qayta shakllana boshladi. Biz kimlarning avlodlari ekanligimiz, kimdan andoza olishimiz kerakligi, umuman, milliy g‘ururimiz tiklandi. Ajdodlarimizning boy ilmiy merosi yana o‘zimizga qaytib keldi. Kishilarga har sohada, jumladan, madaniyat sohasida ham erkinlik berildi. Ammo, afsuski, buni noto‘g‘ri talqin qilgan qo‘shtirnoq ichidagi san‘atkorlar ham paydo bo‘ldiyu, xorij “san‘atkor”laridan ilhomlangan holda behayolikni targ‘ib qila boshladilar va yana bir bor, afsuski, bu hozirgacha davom etmoqda.

Albatta, behayolikni birgina san‘atkorlar ommaga yoyayotganlari yo‘q. Butun jahon o‘rgimchak to‘ri — internet ham bu illatning ommalashishida asosiy vositalardandir. Ota-ona farzandining qo‘liga qanchalik ko‘p imkoniyatlarga ega telefon tutqazsa, shuncha ko‘p tahdidlarga tayyor turishi lozimligini bilarmikin? Farzandi bu qurilmadan to‘g‘ri foydalanishiga doimo ishonchlari komilmikin? Chunki aynan internetda behayolikning milliondan ortiq turlari borki, hukumat saytlaridan boshqa barcha web-saytlarda istamasa ham, unga duch kelish mumkin.

Behayolik o‘smirlarni asir olganda…

Shuni ham aytib o‘tish lozimki, ayni paytda ommaviy madaniyat niqobi ostida behayolik kundan-kunga ildiz otib bormoqda. Ayniqsa, o‘smir yoshlar orasida bu illatning tarqalishi juda xavfli. Shusiz ham tanasida bo‘layotgan fiziologik jarayonlarni tushunmay turgan bir pallada internet, televidenie, ko‘cha-ko‘yda ham behayolikning turli ko‘rinishlariga duch kelgan o‘spirinlarning ruhiyatida kuchli o‘zgarish ro‘y beradi. Qarama-qarshi jins vakillariga bo‘lgan qiziqishning nihoyatda ortishi ba‘zan juda ayanchli oqibatlarga olib keladi. O‘zidan, tashqi ko‘rinishidan qoniqmay qoladi, televizor, internet orqali ko‘rganlarini hayotga ko‘chirish istagi unga tinchlik bermay qo‘yadi, natijada o‘smir juda ham jizzaki, asabiy va  ko‘p narsaga befarq bo‘lib qoladi. Bu pallada ularni bee‘tibor qoldirish, ko‘p vaqtlarini bo‘sh o‘tkazishga qo‘yib berish qanday oqibatlarga olib kelayotganini bugun barchamiz ko‘rib turibmiz. Ya‘ni jamiyatimizda o‘smir yoshdagi qizlar o‘rtasida nikohsiz homilador bo‘lish hollari uchrab turibdi. Bu xunuk holatlarning ortida jinsiy hayotga erta qiziqish va kirishish, uning oqibatlarini bilmaslik, o‘smirlarning jinsiy tarbiyasi etarli emasligi turibdi.

Farzand har qanday tarbiyani ota-onadan olsin!

Dono xalqimiz farzand tarbiyasida ahamiyatsiz narsaning o‘zi yo‘q, deb bekorga aytmaydi. Jajji qizaloqqa qo‘g‘irchoq olib berishda ham e‘tiborsizlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Zero, tarbiya onaning qornidaligidayoq boshlanishi lozim. Sharqda negadir jinsiy tarbiya deyilganda, ayrim ota-onalar gapirishga istihola qilishadi. Biz, albatta, kattalar farzandlarni yoniga olib ularga jinsiy hayot haqida gapirishi kerak, degan fikrdan yiroqmiz, shunchaki farzandini qiziqtirgan savollarga atroflicha, odob-axloq chegaralaridan o‘tmagan holda javob bersinlarki, bu ma‘lumotlarni o‘smirlar chetdan, turli pornografik saytlardan, ko‘cha-ko‘ydan, eng muhimi, turli buzg‘unchi g‘oyalarni ko‘zlab yurgan g‘arazgo‘y kimsalardan o‘rganishmasin!!! Buning uchun ota-ona yuksak ma‘naviyatli, dunyoqarashi keng, saviyasi baland bo‘lishi lozim.

“Erkin muhabbat”dan yiroq bo‘ling!

Sharqda azaldan oila, nikoh qattiq e‘zozlanadi. Bugun G‘arbda bong urilayotgan, zamonaviylikning mukammal ko‘rinishi deya baholanayotgan “erkin muhabbat” bizning vatanimizda ham bo‘y cho‘zmasligi uchun tarbiyani to‘g‘ri olib borishimiz zarur. Yoshlarimizning ma‘lum qismi jahonga mashhur sport va san‘at yulduzlariga har tomonlama taqlid qilishi bor gap.

Yaqinda OAVlarimizda futbol yulduzi Ronalduning “dugonasi” farzand kutayotgani haqida qayta-qayta bong urildi. Ammo uning targ‘ibotiga e‘tibor qaratilmadi. E‘tibor bering: qiz uning “dugonasi” deb ataldi, turmush o‘rtog‘i yoki ayoli deb emas. Bu birgina Ronalduga tegishli voqea emas. Jahonning turli sohalardagi ko‘plab yulduzlarida bu holat uchraydi. Ya‘ni shunchaki nikohsiz yashash, ikkita-uchtalab farzandli bo‘lish, o‘zi istaganida  to‘y qilish yoki umuman joniga tekkach, tashlab ketish. Bu narsalar yoshlarimizdagi oila muqaddas degan tushunchalarni emirib tashlamasmikin? G‘arbona erkinlik yoshlarimizning ma‘naviy qiyofalarini izdan chiqarmasligiga kim kafolat beradi?

Hadisi shariflarimizda bitta valadi zino butun shaharni yondirib yuborishga qodir, deyilgan. Bugun Evropa, Amerikaning turli nuqtalarida bo‘layotgan yong‘inlar, suv toshqinlari va turli-tuman falokatlar shu hadisning isboti emasmi? Yoki go‘daklarni o‘z ota-onalari tomonidan turli yo‘llar bilan vahshiylarcha qatl qilinayotgani haqidagi xabarlar ham  internet saytlarida kunora uchramoqda. Diqqat bilan kuzatsak, ularning deyarli barchasi er-xotin emas, shunchaki juftlik. Yaxshi niyatlar bilan qurilgan, qonuniy asosga ega oilaning farzandlari emas, beboshlikning, tiyiqsiz ehtirosning mahsuli va bu jonli “mahsul” hech qanday qadr-qimmatga ega emasligini ularning ota-onasi amalda isbotlab bermoqda.

Tarbiyaning mukammal usuli

Farzandlarimizni behayolik changalidan asrash uchun, avvalo, ularda kuchli mafkuraviy immunitetni shakllantirishimiz lozim. Bu birinchi navbatda mustahkam tarbiya, kuchli bilim va har narsada e‘tibor, demakdir. Bolani bugun internetdan ayirib bo‘lmaydi, ammo undan maqsadli foydalanishni o‘rgatish mumkin. Bolaning qiladigan ishiga yolg‘iz o‘zi javobgar ekanligini tushuntirish kerak. Har bir ishning albatta oqibati borligidan xabardor qilish — ota-onaning burchi. Bolani tarbiyalaydigan, kuchli irodani shakllantiradigan, insonparvarlik, vatanparvarvarlik, ibo-hayo, or-nomus tarannum etiladigan kitoblarga oshno qilish — tarbiyaning mukammal usuli.

Hunar insonni tarbiyalashda eng muhim vositalardan. Bolaning o‘zida ozgina bo‘lsa ham qiziqish bo‘ldimi, uni albatta san‘atning qaysidir turiga yo‘naltirish kerak. Ayniqsa, tasviriy san‘at, yog‘och o‘ymakorligi, kulolchilik, naqqoshlik singari hunarlarni o‘rgatish g‘oyat katta natijalarni beradi. Uzoq vaqt talab etadigan san‘at asarlarini yaratish bolada sabr-toqat, qunt va bosiqlikni kamol toptiradi. Bolaning asabi mustahkam bo‘ladi, bu hunarlarni egallagan shaxslarda asabiylik, jizzakilik, qo‘pollik, berahmlik tuyg‘ulari yot bo‘ldi. Mayli, u shu hunarning ustasi bo‘lmasin, ammo shu fazilatlarning egasi bo‘lganini o‘zi jamiyat uchun katta yutuq.

Yana bir gap, bugun oddiy somon parchasidan durdona asar yaratayotganlar qancha. Bu asarlarning aksariyatida Navoiyning bebaho dostonlari qahramonlari tasvirlanadi, qizlarning ham, yigitning qiyofasidan sharqona ibo-hayo, yuksak odob nafasi ufurib turadi. Bu o‘spiringa albatta o‘z ta‘sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Bunday kuchli immunitetga ega yoshlarni hech qanday yot g‘oyalar o‘z yo‘rig‘iga yurgizolmaydi.

Hulkar DARMANOVA,

O‘zbekiston respublikasi Prezidenti huzuridagi  Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tinglovchisi.