Seshanba, 25 Iyun 2019

Yo‘l qoidalari: jarimaga tobingiz qalay?

Har qanday haydovchi ham yo‘lda uchrashi mumkin bo‘lgan turli holatlarni shoshilmasdan, to‘g‘ri va oqilona baholab harakatlanishga yillar davomida ko‘nikma hosil qiladi. Buning uchun  avvalo yo‘l harakati qoidalarini mukammal o‘rganish va xavfsizlik talablarini chuqur anglashi kerak. Chunki sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, falokatlarning aksariyatiga tajribasi etarli bo‘lmagan, bilimsiz haydovchilar sababchi bo‘ladi…

 Diqqat: “taqiqlanadi”

Barcha qoidalarga ko‘ra, mashina boshqaruviga mast holda o‘tirish taqiqlanadi. Shu bois mashina boshqaruvida o‘zi va boshqalarning hayotiga xavf soluvchi har qanday holatlardan tiyilgan ma‘qul.

Xavfsizlik kamarini taqib oling. Bu yo‘ldagi kutilmagan hodisalardan jarohatlanishdagi xavfni ancha kamaytiradi.

Avtomobilning qoraytirilgan oynalari etika qoidalariga ham to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘zga tashlanadigan darajada ajralib turish yaxshi emas. Qora ko‘zoynak taqqan kishi hammada ehtiyotkorlik tuyg‘usini uyg‘otganidek, bunday avtomobillar ham kishilar e‘tiborini  tortadi.

 Hamma joy ham “stoyanka” emas…

Haydovchilarimizning aksariyati ehtiyoj yuzasidan vaqtinchalik to‘xtash joylari (“stoyanka”lar)dan foydalanadi. Lekin bu “keng maydon”ning faoliyati aslida qonuniymi, u qanday talablarga javob berishi kerak, kabi savollarga ko‘pchiligimiz unchalik ham e‘tibor bermaymiz.

Bozor atroflari, yirik savdo majmualariga yondosh hududlarda bugungi kunda avtoulovlar uchun to‘xtash joylari tashkil etilayapti. Ammo ularni hali etarli deb bo‘lmaydi. Aksariyat bozorlar atrofidagi yo‘l chetlarida qo‘lini u yoqdan bu yoqqa aylantirib, mashinani qo‘yib ketishga chorlayotganlarni ko‘p uchratamiz. Ko‘pchiligimiz bu er “stoyanka” emasligini bilsak-da, indamay pul ham to‘laymiz. Ammo avtomashinalarning vaqtinchalik to‘xtash joylari uchun ma‘lum me‘yor va talablar belgilanganini bilamizmi?

 Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joyi quyidagi talablarga javob berishi kerak:

  • – sirti qattiq qoplamali, yoritilgan, axlatlarni yig‘ish uchun konteynerlar, yong‘inga qarshi vositalarga ega bo‘lishi;
  • – hududga kirish va undan chiqish uchun maxsus ajratilgan joylar bo‘lishi;
  • – atrofi o‘ralgan, maxsus ajratilgan kirish (chiqish) joyini aylanib o‘tib, hududga kirish (undan chiqish) imkonini bermaydigan boshqa to‘siqlarga ega bo‘lishi;
  • – agar hudud avtomashinalarni bir necha qator qilib joylashtirishga mo‘ljallangan bo‘lsa, tasmalarga (polosa) ajratilgan bo‘lishi;
  • – ajratilgan kirish (chiqish) joyiga tutash, ko‘rinarli joyda nazoratchi-kassirning xona (budka)si, uning tashqi tomonida yirik harflar bilan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish tariflari va shartlari to‘g‘risidagi yozuvlar bo‘lishi;
  • – nogironlar uchun maxsus jihozlangan (kamida ikkita) joy mavjud bo‘lishi shart.

Shunday ekan, ushbu talablarga to‘la javob bermaydigan har qanday joyni “avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash uchun pullik joy” sifatida tan olmaslikka haqlisiz.

 To‘xtab to‘rish qoidasini buzmang

Ayrim haydovchilar “temir toychoq”larini mumkin bo‘lmagan joylarda, piyodalar yo‘laklari, bekatlarda, kirish-chiqishni joylarini to‘sib, boshqa avtomashinalarning harakatlanishiga xalaqit bergan holda yo‘l chetlariga qo‘yib ketadilar. Shu bilan muammo hal, deb o‘ylasangiz, xato qilasiz. Qoidabuzar haydovchini YPX xodimi kutayotgan bo‘lsa, kattagina jarimasiz ish bitmaydi.

“Yo‘l harakati qoidalari”da piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘laklarda avtomashinada harakatlanish ham, to‘xtab turish ham taqiqlangan.

 “Zebra”da ehtiyot bo‘ling

Piyodalarning harakatlanishlari uchun qulaylik yaratish, xavfsizligini ta‘minlash maqsadida yo‘llarga turli yo‘l belgilari o‘rnatiladi, maxsus chiziqlar chiziladi. Ayniqsa, piyodalarning o‘tish joylarida (oddiy aytganda “zebra”) sodir etilgan qoidabuzarliklar nozirlar tomonidan sira kechirilmay, darhol jazoga tortiladi.

“Yo‘l harakati qoidalari”ning 14.4.-bandida nafaqat piyodalarning o‘tish joylarida avtomashinani to‘xtatish, balki “zebra”gacha 5 m, undan o‘tib yana 5 m masofagacha avtomashinani to‘xtatish taqiqlanadi. Bekatlardan 15 m masofa oralig‘ida mashinalarni to‘xtatish, yo‘lovchi olish va tushirish ham “Yo‘l harakati qoidalari”ga ziddir.

ShOHJAHON tayyorladi.