Seshanba, 25 Iyun 2019

Yo‘l belgilari nimadan so‘zlaydi?

Insoniyat er yuziga ilk bor qadam qo‘ygan kundan boshlab yo‘l yurishga kirishgan va buni qulaylashtirish uchun turli vositalardan foydalanib, xilma-xil yangiliklar ixtiro qilib kelgan. Bu jarayon bugungi kungacha muvaffaqiyat bilan o‘sishda davom etib kelmoqda. Xususan, XXI asr insoniyat tarixida transport vositalarining eng oltin davri bo‘lganiga shubha yo‘q.

Umuman, turli ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish uchun yo‘l harakati qoidalari va belgilarini mukammal o‘rganib, ularga rioya etish har bir haydovchi va yo‘lovchi uchun juda muhimdir.

2010 yilning noyabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2011-2020 yillarni “Yo‘l harakati xavfsizligini ta‘minlashga oid harakatlarni ta‘minlash o‘n yilligi” deb e‘lon qilinishi ushbu mavzuga doir muammolarning butun dunyo bo‘ylab keng quloch ochgani va ularni hal qilishda keng ko‘lamda ishlar olib borish dolzarbligidan darak beradi.

Bilasizmi?

Amerikalik Uilyam Felps ilk yo‘l harakati qoidalarini ishlab chiqqan edi. Ammo uning o‘zi hech qachon rulga o‘tirib, mashina haydamagan.

Dunyo bo‘yicha haydovchilar o‘rtasida eng tarqalgan ishora — bir-biriga yordam berish uchun faralar yordamida ko‘z qisishdir.

 YO‘L BELGILARI

Yo‘l belgilaridagi grafiklar, texnik tafsilotlar ilk bor 1968 yilda Venada o‘tkazilgan “Yo‘l belgilari va signallari haqidagi konvensiya” hamda bu konvensiyani to‘ldiruvchi Evropa kelishuvi (1971 yil, Jeneva) talablariga ko‘ra ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonda 2001 yilda xalqaro me‘yorlar asosida va mahalliy sharoitni hisobga olgan holda, “Yo‘l harakati qoidalari” ishlab chiqildi. Bu qoidalarga yo‘l belgilarining asosiy 7 guruhi kiritildi. Bular quyidagilar:

Ogohlantiruvchi belgilar. Bu belgilar yo‘l harakati qatnashchilariga yo‘lning harakatlanishda vaziyatga qarab chora ko‘rishni talab qiladigan xavfli qismlarning joylashuvi hamda ularning xususiyatlari to‘grisida ma‘lumot berish uchun qo‘llaniladi.

Imtiyoz belgilari. Chorrahalarda, alohida joylashgan qatnov qismlari kesishgan joylarda, shuningdek, yo‘lning tor qismida yo‘l harakati qatnashchilarining harakatlanish navbatini belgilash uchun qo‘llaniladi.

Taqiqlovchi belgilar. Yo‘l harakatiga ma‘lum cheklanishlar kiritish yoki ularni bekor qilish uchun qo‘llaniladi.

Buyuruvchi belgilar. Transport vositalariga ko‘rsatilgan yo‘nalishda yoki faqat ma‘lum yo‘nalishlarda harakatlanishlari lozimligini buyuradi.

Axborot-ishora belgilari. Harakat qatnashchilariga yo‘ldagi harakat tartibi xususiyatlari hamda aholi yashaydigan joylar va manzillarning joylashuvi haqida ma‘lumot berish uchun qo‘llaniladi.

Servis belgilari. Transport vositalari, yo‘lovchilar va haydovchilarga xizmat ko‘rsatish joylari haqida ma‘lumot berish uchun qo‘llaniladi.

Qo‘shimcha axborot belgilari. Qo‘shimcha axborot belgilari ular bilan birgalikda qo‘llangan belgilarga aniqlik kiritish yoki ularning ta‘sirini cheklash uchun qo‘llaniladi.

 Haydovchilarda o‘zaro hurmat uyg‘otish uchun…

Yaqin yillarda Evropaning ayrim shaharlarida ko‘chalardan yo‘l harakati belgilari olib tashlandi. Bu Evropa Ittifoqining loyihasi doirasida amalga oshirildi. Shu tariqa ko‘hna qit‘aning 7ta joyida yo‘l belgilaridan butunlay xoli bo‘lgan shaharlar paydo bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, son-sanoqsiz yo‘l harakati belgilaridan voz kechilsa, transport hodisalarining soni kamayib, haydovchilar ham bir-birlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni o‘rganadilar. Eng asosiysi, yo‘llarda piyodalarga bo‘lgan munosabat ijobiy tomonga o‘zgarishi mumkin.

 Xulosa o‘rnida

Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishdan avvalo har bir insonning o‘zi manfaatdor. Yo‘llar qanchalik tekis va ravon, yo‘l belgilari o‘z o‘rnida o‘rnatilgan, avtomobillar soz, haydovchi malakali va qoidalarga qat‘iy rioya etsa, yo‘lda uchraydigan turli noxush hollarning oldi olinadi. Yo‘lingiz bexatar bo‘lishi uchun yo‘l qoidalariga rioya qiling!

ShOHJAHON tayyorladi.