Chorshanba, 20 Iyun 2018

Yangi yil ertagi: “Qor malikasi”

“Hamma yoqni qor bo‘roni qoplasa ham, bayram  bo‘lishi kerak!”

Mo‘‘jizalarga boy Yangi yil bayramiga yangi tuhfa!  Go‘zal va maftunkor qish fasli, oppoq qorga burkangan tabiatning sovuq va mehrsiz Malikasi haqidagi  “Qor malikasi” ertagi qahramonlari endi o‘zbek bolajonlari huzuriga oshiqmoqda. Qishki ta‘til kunlari   “Istiqlol” san‘at saroyida aziz bolajonlarga taqdim etiladigan “Qor malikasi” myuziklining syujeti ham, qahramonlari ham o‘sha-o‘sha. Muhabbat, do‘stlik va ezgulikning kuchi haqida hikoya qiluvchi ertak myuziklning  musiqalar muallifi — bastakor Albert Xolmurzaev, matn mualliflari esa — Hasan va Husan Solihovlar.

Myuziklni sahnalashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan  jamoa a‘zolari  o‘z ishining ustalari ekanligi ham ushbu   loyiha tomoshabinlar e‘tiborini qozonishidan darak bermoqda.  Ma‘lumki, bunday sahna asarlarining ajralmas bo‘lagi xoreografiyadir. Bu mas‘uliyatli vazifa  xoreograf Natalya Zaxalskayaga ishonib topshirilgan. Aktyorlarning o‘z qahramonlariga aylanishlariga yordam beruvchi liboslarni esa liboslar bo‘yicha rassom Shahnoza Murotova yaratdi.

“Qor malikasi” myuzikli ijodkorlari, ushbu loyihada klassika va zamonaviylik uyg‘unlashganini ta‘kidlashmoqda. Yorqin liboslar, chiroyli manzaralar, go‘zal musiqa jarangi —hamma-hammasi nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalarini ham sehrli ertaklar dunyosiga sayohat qildiradi. Unda ishtirok etayotgan aktyorlar jamoasi a‘zolari ham tomoshabinlarimizga yaxshi tanish: O‘zbekiston xalq artisti, opera qo‘shiqchisi Ramiz Usmonov(Ertakchi), aktrisa Zarina Nizomutdinova (Qor malikasi), aktyor Muhammadiso Abdulxayirov(Qirol), taniqli aktrisa Sitora Alimjonova(Gerda), yosh aktyor Kamron Saidmurodov(Kay), mashhur qo‘shiqchi Jasur Mirsoatov(Qarg‘a), yosh aktyor Lazizxon Burgutxonov(Shahzoda Klaus)larni bosh qahramonlar rolida ko‘ramiz.

Yangilik shuki, rollarni ijro etgan barcha aktyorlar faqat jonli ijroda kuylashadi. Axir tomosha o‘z nomi bilan myuzikl! Ya‘ni quvnoq kuy va qo‘shiqlarga boy!


Hozircha sir!”

Ramiz USMONOV, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrining aktyori, Ertakchi rolining ijrochisi:

– Garchi mashhur opera teatrida ko‘plab rollar, kuchli partiyalarni ijro etgan bo‘lsam-da,  Ertakchi rolini berishganda yuragimdan: “Qanday bo‘larkin?”degan xavotir o‘tdi. Lekin men aktyorman, rolning katta-kichigi bo‘lmaydi, aktyor har qanday rolni uddalashi kerak, degan fikrga suyangan holda matnni oldim. Bunday loyihada birinchi marta ishtirok etayotganim uchun ham, avvaliga kirishib ketishim bir oz qiyin kechdi. Atrofimdagi  hamma aktyorlar o‘z rollarini katta  ishtiyoq bilan, qoyil qilib o‘ynayotganlarini ko‘rib, havasim keldi. E‘tibor bersangiz, myuziklda band aktyorlarimizning hammasi elimiz tanigan, kino, teatr sohasida nimadir qilib ulgurgan san‘atkorlar. Rolimni bir oz bo‘rttirishga harakat qilgandim, rejissyor  me‘yordan oshirmaslikni maslahat berdi. Shu talabga ko‘ra men myuziklda     ko‘ngli ochiq,   mehrli inson  bo‘lgan Ertakchi qiyofasini yaratayapman.

Loyihamizda tomoshabinlar e‘tiborini tortadigan yangiliklar ko‘p,  rejissyor  Hasan Solihov taniqli asarga ko‘plab yangi g‘oyalar bilan yondashmoqda. Ammo bularning hammasi   hozircha  sir! Tomoshabinlar kelib, o‘zlari tomosha qilishsin.


Birinchi marta Qirol bo‘lishim!

Muhammadiso ABDULXAIROV, aktyor:

– O‘ylab qarasam, juda ko‘p archa bayramlarida ishtirok etgan ekanman. Ammo keyingi paytlarda kinoda ko‘proq bandligim tufayli, archa bayramlarida qatnasholmayotgandim. “Qor malikasi” menga shunday imkoniyatni berayotganidan judayam  xursandman. Bu ertakni  hammamiz yaxshi bilamiz. Hatto u bilan birga katta bo‘lganmiz, desam ham to‘g‘ri bo‘ladi. Bolaligimizda qishki ta‘tillarda uni televizor orqali mazza qilib tomosha qilardik. Lekin o‘sha paytlarda bir kun kelib aktyor bo‘laman-u, “Qor malikasi”dagi qirolni o‘ynayman, degan fikr xayolimgayam kelmagandi.

Myuziklga taklif qilib, bu  rolni berishganida, judayam quvonib ketdim. Negaki, shu kungacha teatr sahnasida, kinoda kimlar bo‘lmadim, deysiz. Aka, uka, boshliq, haydovchi, sovchi, ota, lekin birinchi marta Qirol bo‘lishim! Ertakni yaxshi bilasizlar, qirol o‘zi  bir-ikki martagina  ko‘rinadi, xolos.  Shunday bo‘lsa-da, bu men uchun katta baxt. Negaki, yana qirol roli nasib etadimi, yo‘qmi, bilmadim. Shuning uchun ham improvizasiyalar bilan rolimni tomoshabinlarning yodida qoladigan qilib yaratishga  harakat qilayapman. Bir so‘z bilan aytganda, qirolim juda hazilkash!  Qirol  rolida qo‘shiq ham aytayotganim  sir edi-yu, mayli, bilmay aytib qo‘ydim!  Hechqisi yo‘q! Xullas kalom, “Qor malikasi”da uchrashguncha!


“Qor malikasi” filmini ko‘rmagan ekan

Gulnoraxon EShONOVA, Kay rolining ijrochisi Kamron Saidmurodovning onasi:

– O‘g‘lim Kamronbek birinchi marta 4 yoshida dorining reklamasida chiqib, san‘atga kirib kelgandi. Uning bu sohaga qiziqishini ko‘rgach, dadasi bilan maslahatlashib, “Tantana” guruhiga berdik. Bir nechta reklama roliklari, kliplarda ko‘ringanidan keyin kinolarga taklif qila boshlashdi. Uning kinodagi birinchi katta roli “Farzandim-2”dagi Yodgor roli bo‘ldi. Keyin ketma-ket filmlarda, “Zumrasha”ning ko‘plab sonlarida qatnashdi. Kelajakdagi orzusi — rejissyor bo‘lish va shu bilan birga filmlarda rollar ijro etish.

Hasan, Husan Solihovlar “Qor malikasi” myuziklidagi Kay roliga taklif qilishganida judayam xursand bo‘ldik. Gerda bilan bir-birlariga mos kelishdi, rolga tasdiqlandi. Biz bilmas ekanmiz, Kamronbek  “Qor malikasi” filmini ko‘rmagan ekan. Roli ustida ish boshlashidan avval “YouTube”dan filmni topib, qo‘yib berdik. Rosa yoqdi. Shundan keyin Kay rolining so‘zlarini yodlay boshladi…

 Kamronbek, Kay rolining ijrochisi:

– “Istiqlol” saroyining sahnasiga chiqishni judayam xohlagandim. Repetisiyalarda mazza qildim. Ssenariyni yodlashga hecham qiynalmadim, rolimni oynaga qarab turib, repetisiya qildim. “Qor malikasi” tomoshasida men  ham qo‘shiq aytaman.

 


Qor malikasi yovuz emas”

Zarina NIZOMIDDINOVA, aktrisa, Qor malikasi rolining ijrochisi:

– Tomoshabinlarning o‘zlari bilishadi, Qor malikasi men shu paytgacha o‘ynagan rollarimdan tubdan farq qiladi. Ya‘ni judayam salbiy bo‘lmasa-da, har holda ijobiy ham emas. Shuning uchun ham meni bu myuziklga taklif qilib, “Qor malikasi rolini ijro etasiz”, deyishganida judayam xursand bo‘lib ketdim. Men uchun quvonchli bo‘lgan tomoni shundaki, bu myuziklda ishtirok etib, birinchi marta  sahnada  rol ijro  etayapman. Tomoshamiz jonli ijroda taqdim etiladi, demak, biz tomoshabinlarning nafasini, ularning ijroimizga munosabatini sezib turamiz.  Bu esa  menga o‘xshab kameraga ishlashga o‘rgangan  aktyor uchun judayam qiziqarli. Shunga qaramasdan, negadir hayajon bosmayapti…

Qor malikasiga keladigan bo‘lsak, rejissyor bilan kelishgan holda uning  salbiy tomonlarini bo‘rttirmayapmiz. Ertakdayam u  yovuz emas, shunchaki hamma narsa o‘zi xohlaganday bo‘lishiga o‘rgangan. O‘zi istagan narsaga hamisha erishib kelgan.  Katta kuchga ega bo‘lsa-da, unga qarshi chiqilmasa, yomonlik qilmaydi! Uni ana shu yo‘nalishda tomoshabinlarga taqdim etish niyatidaman.


Bayram har kuni bo‘lsin!

Jasur MIRSOATOV, Qarg‘a rolining ijrochisi:

— “Qor malikasi” ertagidagi Qarg‘a rolini ikkinchi marta o‘ynashim. O‘tgan yili, myuzikl tomoshabinlarga rus tilida taqdim etilganida ham qatnashib, xuddi shu rolni ijro etgandim. Loyihaning o‘zbekcha variantida ham ishtirok etayotganimdan judayam xursandman. Rolim nihoyatda qiziqarliligi bilan o‘zimgayam  yoqayapti. Uning dunyoqarashi, saviyasi, impulsi o‘zimnikiga o‘xshagani uchun ham  mazza qilib o‘ynayapman.

Qahramonim Qarg‘avoy  katta tantanalar, bayramlarni judayam yaxshi ko‘radi, doim  bayramlarga intiladi va har kuni bayram bo‘lishini xohlaydi. U uchun hamma yoqni qor bo‘roni qoplasa ham, bayram  bo‘lishi kerak!  Qalbi mehr-muhabbat, shafqat tuyg‘ulariga boy.  Shuning uchun ham Gerdaning  tashvishiga befarq bo‘lolmaydi, unga  yordam berishga harakat qiladi. Sahnada juda qisqa vaqt ichida ko‘rinishimga qaramasdan personajim tomoshabinlarning  yodida qolayotganidan xursandman. Ular spektakldan keyin o‘zimga buni aytib, tabriklab ketishlari, mening yutug‘im, deb o‘ylayman.

 Tuhfa NAZAROVA.

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma‘lumotlar * bilan belgilangan