Juma, 14 Dekabr 2018

Yangi yil xandalari

E, do‘stlarim… Esimni taniganimga ancha bo‘ldi-yu… Ammo 1 yanvar tongini kutib olish hech nasib  etmadi-da!

***

Yangi yil kechasida hamma qatori: “Yomon ko‘rgan narsalarim ketayotgan yilda qolsin” deb niyat qilgandim. Eski yildan faqat faqat yomon ishtaham qolibdi, shekilli?!

***

O‘z sevganlarimga sog‘liq tilayman. Meni sevganlarga esa boylik!

***

Yangi yil — hech nima qilmay, hayotingni tamomila o‘zgartirishga yangi umid, demakdir.

***

Ikki oshna suhbatidan:

— Sevganimga Yangi yilga brilliant zirak sovg‘a qildim. U esa menga hidi o‘zimga yoqmaydigan atir sovg‘a qildi.

— Nima, sen ham brilliant zirak xohlaganmiding?!

***

“Ishqilib, bu Yangi yil kechasida hayvonot bog‘iga borib, maymunlarni Yangi yil bilan tabriklaydigan darajada ichmayin-da”, degan fikr meni qiynayapti…

***

Yangi yilda o‘z oldingizga “Chekishni tashlamayman, sport bilan shug‘ullanmayman, ozmayman”, deb niyat qiling. Hammasi amalga oshadi!

***

1 yanvar — ota-onalar uchun eng og‘ir kun. Bolalar ularga Qorbobo nima sovg‘a qilgani-yu, ular hech nima sovg‘a qilishmaganini aytib, arazlashadi.

***

— Yangi yilni qaerda kutasan?

— “Kontakt”da do‘stlar bilan bir yig‘ilishamiz!

***

Ayol bayram kechasida eriga yuzlandi:

— Azizim, sizga Yangi yilga nima sovg‘a qilay?

— Yil bo‘yi yaxshi kayfiyatda yuradigan xotinimni sovg‘a qilsang, shuning o‘zi etadi!

***

Avvaliga: “Yangi yilni  qanday kutib olsang, shunday o‘tadi”, deyishadi. Keyin “Kechasiyam  jag‘im ovqat eyishdan tinmaydi”, deb xafa bo‘lishganiga o‘laymi?!

***

Qorboboga xat yozdim…

Maktubni erimga berdim…

Kutyapman…

***

Yangi yil bayram emas, jigarga qarata otilgan  o‘q!

***

Yangi yil kutgandan so‘ng:

— Onasi, bugun nechanchi chislo? Ikkinchi yanvar? Taqvimga birinchi yanvarni yozishni unutishibdimi?

***

Katta tezlikda ketayotgan mashinani DAN xodimi to‘xtatdi:

— Qayoqqa shoshilyapsiz?

— Uyga. Og‘aynilar bilan Yangi yil kutgandik, kech qoldim. Xotinim xavotir olayotgandir…

— Nimalar deyapsiz? Hozir may oyi, shekilli?

— Shuning uchun ham shoshilyapman-da!

***

Bolaning tasavvuri:

“Mening dadam Qorbobodan qo‘rqadi. U kelsa, doim yo‘qolib qoladi”.

***

—  Qo‘shni, kecha  xotiningizga   buncha qattiq baqirdingiz?

— Bayramga biror narsa olarsan, deb  bergan  pulimni  nimaga   sarflaganini aytmay, jahlimni chiqardi.

—  Bugun kechagidan ham qattiqroq baqirdingiz, shekilli?

— Bugun o‘sha pulni nimaga sarflaganini aytdi-da!

***

Yangi yil yaqinlashgan sari er xotiniga to‘xtovsiz tirjaya boshladi. Buni ko‘rgan ayol hayron bo‘lib so‘radi:

— Dadasi, tinchlikmi? Kechadan beri og‘zingiz  yopilmay qoldi?

— E, nodon xotin! Kecha televizorda “Agar xotiningizga bayramga sovg‘a olishga imkoningiz bo‘lmasa, tabassum qiling!” deyishdi-ku!

***

— Menga qara oshna, “Yangi yilda albatta uylanaman, eski yilning oxirgi kuni uchrashuvga chiqaman”, deganding! Uchrashuv qalay o‘tdi?

— Yarim muvaffaqiyatli o‘tdi!

— Bu nima deganing?

— Men bordim, qiz kelmadi, deganim!

Dildora NAZAROVA tayyorladi.