Juma, 14 Dekabr 2018

Yangi avtomobillarni qayta sotishga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan foydalanish muddati xarid qilingan kundan boshlab bir yildan oshmagan engil avtotransport vositalari bo‘yicha tegishli shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun bojni har bir ot kuchi uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida undirishga doir talab bekor qilingani haqida xabar berildi. Bundan oldin amal qilgan boj taqiq ko‘rinishida bo‘lgan hamda har bir ot kuchi uchun eng kam oylik ish haqining 5 baravarini tashkil etgan, bu esa avtosalondagi yangi avtomobil qiymati bilan teng edi.

Oshirilgan boj stavkasi 2008 yilda “olibsotar”lar bilan kurashish hamda avtosalonlardagi “Chevrolet” avtomobillari taqchilligini yo‘qotish maqsadida joriy etilgandi. Sun‘iy ravishda chaqirilgan taqchillik narxlarning oshishiga olib keldi — avtomobillar ikkilamchi bozorda rasmiy dilerlardan ancha qimmatroqqa baholandi. Aynan o‘shanda “shapka” tushunchasi paydo bo‘ldi, bu avtosalonda shartnoma olish uchun pora berishni nazarda tutgan. Biroq oshirilgan bojning joriy etilishi avtomobillarni realizasiya qilishdagi korrupsiyani yo‘qota olmadi hamda 2015 yilga qadar “GM Uzbekistan” avtomobillari ikkilamchi bozorda yangilaridan qimmatroqqa baholanib keldi.

Joriy yilning boshida “GM Uzbekistan” yangi “Chevrolet” avtomobillarini realizasiya qilish sxemasida korrupsion jihatni yo‘qotish maqsadida yangi sotuvlar tizimi haqida e‘lon qildi. Sotuvlar uchun yagona portal — “Chevrolet.uz” ishga tushirilgach, “GM Uzbekistan” shartnomalarni ro‘yxatdan o‘tkazmoqda, bu esa “tezligi” uchun “shapkalar” va navbat bilan turli hiylalarning oldini olishi kerak.