Juma, 20 Aprel 2018

Yaxshi niyat

— Hoy, kitob joningni olgur! Ota-onang kitob o‘qigan bo‘lsa ekanki, sen qog‘ozga yopishib, baxt topsang! Undan ko‘ra aytganimni qilib, Gulsum norinchinikiga chiqib, besh-olti zuvala norin to‘g‘rashmaysanmi, bir kosa norin ishlab kelib, yotar chog‘i hushtak chalayotgan qursog‘imizga bosmaymizmi, birpas bo‘lsa-da, nafsimizni o‘ldirmaymizmi?

— Buvijon, axir, norinchinikidan chiqqanimga hali bir soat ham bo‘lmadi-ku. Yog‘ hididan ko‘nglim ag‘darilib ketyapti. Barmoqlarim qotib qoldi. Ozgina dam olay, juda ham och qolayotganimiz yo‘q-ku… — Dilshoda yalinchoq ovozda buvisiga nechog‘lik yalinsa-da, Lutfiniso buvi qarg‘ishini qo‘ymaydi. “Kitobning rosa qiziq joyiga kelgan edim, ozgina, bir-ikki betgina o‘qiy”, deganiga ham qaramaydi. Dilshoda buvisining koyish, qarg‘ishlariga chidaydi, lekin yig‘lab nola qila boshlasa, bardoshi etmay qoladi.

— Ota-onang o‘lsin, seni qarib kuchdan qolganimda  menga yuk qilib tashlab ketgan, iloyo baxt deb tutgani, topgani kulfat bo‘lsin, — degan so‘zlar og‘zidan, chiqa boshlasa, Dilshoda qo‘rqib ketadi.

— Buvijon, qo‘ying, oyim bilan adamni qarg‘amang, iltimos, hamma aytganingizni qilaman, — deydi. Nafsilamrini aytganda, Dilshoda buvisini  tushunishga harakat ham qiladi. Chunki kim ham oltmishdan oshib, etmishga yaqinlashganda, to‘rga chiqib, orom olib o‘tirish o‘rniga, o‘smir qizning taqdirini gardaniga olib, og‘ir yuk bilan yashagisi keladi? Axir uni o‘zi non topib eydigan darajaga  etkazishi, qolaversa, uy-o‘tovli qilishi kerak…

Gap shundaki, Dilshoda etti yoshga chiqqunicha ota-onasi boshqa farzand ko‘rishmadi. Dadasi:

— Sen bepushtsan, menga o‘g‘il tug‘ib beradigan xotin kerak, — dedi. Onasi:

— Bolani faqat men dunyoga keltirmayman. Qars ikki qo‘ldan chiqadi, — dedi. “Dedi”ga, “aytdi”lar qo‘shilib, er-xotin orasidagi mojaro kundan kun kuchayib boraverdi. Avval xotin uydan chiqib ketdi.

— Bekorga mendan o‘zini olib qochmas ekan. Topib yurgan ekan birovni. Ana, uydan ketganiga yarim yil bo‘lmay tegib olibdi, — deb qizining onasiga qorakuya surta-surta, ota ham shaharma-shahar yuradigan, baquvvat bir yordamchi qo‘l kerak ayolni topib, uylanib ketdi. Dilshoda shu tarzda tog‘alari bilan yashaydigan, ota-ona ikki tarafga  qarab ketgach, “Oyi, tezda borib uyini egallab oling. Chunki bu qizni uzatish bizning elkamizga qoldi”, deya chirqillagan kelinlarining qistovi bilan qizining uyiga ko‘chib keldi. Dilshoda maktabda  a‘lo o‘qiydi. Buvisiga har jihatdan yordam berishga harakat qiladi. Lekin buvisi qarg‘angani-qarg‘angan, noligani-noligan…

— Buvijon, ota-onamni tinch qo‘ying, ular o‘z hayoti bilan yashashyapti. Lekin o‘ylayvermang, xudo xohlasa, o‘qiyman. Hozir qiynaladigan talabalarga ish ham topib berishadi. Hayotimizda hali yaxshi kunlar bo‘ladi, — deya  buvisining xayolidan noxush voqealarni chiqarib yubormoqchi bo‘lsa, buvisi:

— Osmonlardan erga tush, hoy qiz. Seni kim o‘qishga, kim ishga olaman, deb ko‘zi uchib turibdi. O‘qiydiganlar boshqacha bo‘ladi, ularning ota-onasi ajrashib, boshqa er, boshqa xotin qilib ketmaydi. Bolasi bitta  bo‘lsa ham, o‘shaning boshini silab, uyida  o‘tiradi. Sen Gulsum norinchining uyida xizmatkorlikka yarasang ham katta gap, — deya Dilshodaning yuragini ezgani-ezgan edi.

Shunday kunlarning birida Dilshoda buvisi bilan navbatdagi tortishuvdan so‘ng ko‘ngli cho‘kib yotar ekan, birdan psixologiya o‘qituvchisining gaplarini esladi: “Odamning hayot tarzi, taqdiri o‘ziga  bog‘liq. To‘g‘rirog‘i, ko‘nglidagi niyatiga. Agar inson poklanib diliga yaxshi niyatlarni tugib, o‘sha niyatga astoydil intilsa, tabiat ham, taqdir ham unga yordam beradi, qo‘llab-quvvatlaydi”…

Dilshoda: “Axir, psixologiya fani ko‘p bor tajribadan o‘tgan xulosalarni taqdim etadi-ku, men ham amal qilay”, dedi-da, buvisining pinakka ketganidan foydalanib, yuvinib oldi, sochlarini quritdi.

Adabiyot muallimasining: “Erkin mavzuda insho yozib kelinglar”, degan topshirig‘iga niyatini omuxta qilmoqchi bo‘ldi. Daftarining oppoq sahifasini ochib, yoza boshladi:

“Men buvimni ayblamayman. Dilidan o‘tayotgan qayg‘u, kulfatlari bilan oldimizga qiyin taqdirni chaqiryaptilar, deb xafa bo‘lmayman. Chunki bir umr  bir elkada mehnat qilib  kelsa-yu, qariganida to‘rga chiqib o‘tirish o‘rniga, nafaqasi bilan  tashlandiq nevarasini boqib o‘tirsa…

Lekin men o‘zimni bu taqdirga bermayman. Men orqamda qo‘llab-quvvatlovchim yo‘q, deb umidsizlikka tushmayman. Gulsum norinchining uyida bir kosa norin uchun xizmatchi bo‘lmoqchi emasman. Men kardiolog shifokor bo‘lmoqchiman. Insonga eng kerakli a‘zo — yuraklarini davolayman. “Yuraklaringizni g‘amga bermanglar, uni yaxshi kunlar, baxt-saodat uchun asranglar”, deyman hamma-hammaga. Mana shu yulduzlar charaqlab yotgan oydin kecha haqi, derazamdan oqib kirayotgan mayin  shabada haqi, men, albatta, maqsadimda etaman, deb astoydil niyat  qilayapman. Niyatimni qo‘llab-quvvatlovchilar, menga yordam qo‘lini cho‘zuvchilar, albatta, topilishga ishonaman…”

Dilshoda bu satrlarni yozar ekan, ko‘ngli tobora yorishib borayotgandek edi. Yaxshi niyat xuddi oydek, oftobdek uning ko‘ngliga nur sochayotgandi.

* * *

— Dilshoda, Dilshoda, sening inshoing yoshlarning gazetasida e‘lon qilinibdi…

Dugonalaridan biri shunday xushxabarni ko‘tarib kirganida Dilshoda:

— Shunday bo‘libdimi? — deb sir boy bermasa-da, ichida “Shunday bo‘lishini kutgandim”, dedi. Adabiyot o‘qituvchisi darsda  insholarni yig‘ishtirayotib, bir qur ko‘z tashladi, shekilli:

— Dilshoda, inshoyingni o‘rtoqlaringga o‘qib berasanmi, bir boshqacha yozibsan, — dedi.

Dilshoda bosh chayqadi. Yo‘q, u sinfdoshlaridan dilidagi istakni yashirmoqchi emasdi. Shunchaki buvisi haqidagi satrlarni o‘qiganda, yig‘lab yuborishi mumkinday tuyulgani uchun o‘qimadi. Chunki u yorug‘ niyatiga ko‘zyosh aralashtirmoqchi  emasdi.

— Mayli, o‘qimasang, o‘qima, lekin menga inshoing yoqishni sezib turibman, — dedi.

Dilshoda o‘shandayoq yozgan inshosi bilan bog‘liq nimadir yuz berishni payqagan, to‘g‘rirog‘i, ko‘ngli sezgan edi. Adabiyot o‘qituvchisi Dilshodaning inshosini yoshlar gazetasiga bergan edi. Yoshlar mavzusi jamiyatda dolzarb bo‘lganligi uchun tezda insho gazetada bosildi.  Insho so‘ngida Dilshoda o‘qiydigan maktab va sinf manzili ko‘rsatilgan edi. Insho gazetada chop etilganiga bir hafta o‘tar-o‘tmas uni “O‘qituvchilar xonasi”ga chaqirishdi.

— Mana bu telefonga qo‘ng‘iroq qilar ekansan. Senga kimyo fanidan qo‘shimcha dars o‘tmoqchi bo‘lgan o‘qituvchi telefon qilibdi.

— Biologiya fani muallimasi telefon raqamini qoldiribdi. Seni institutga tayyorlar ekan…

Yana tengdoshlar, a‘lochi o‘quvchilarning takliflari…

“Dilshoda, sen yolg‘iz emassan. Biz sen bilan birgamiz. Sening niyatlaring amalga oshishiga tilakdoshmiz. Bizning zamonamizda bunday orzularga etishish — amalga oshmaydigan orzu emas. Intilish, eng muhimi, kerakli fanlardan poydevor  bo‘la olarli bilim bo‘lsa, bas”… Dilshoda navbatchi o‘qituvchi yozib olgan telexatlarni o‘qir ekan, “Albatta, umrimning bir yaxshi kuni telefonim va kompyuterim bo‘ladi, hech kim men uchun ovora bo‘lib maktab telefonida kelgan xabarlarni yozib o‘tirmaydi”, — deb o‘yladi…

* * *

— Dilshoda Valievna, siz shuhratli tibbiyot yo‘lini nimadan boshlagansiz?

Uni — shaharning eng taniqli, eng qo‘li engil kardiologini bugun  yoshlar davrasiga uchrashuvga taklif qilishgan edi. Unga bu savolni berishganida xayolidan mana shu voqealar kino lentasiday lip-lip etib o‘tdi. Lekin u rahmatli bo‘lib ketgan buvisining yozg‘irishlari, “Podachining bolasi podachi bo‘ladi, degan qadimgilarning gapini eshitmaganmisan? O‘qish, o‘qish, deb hadeb og‘zingning suvini oqizaverma, sendaqalar o‘sha orzulagan o‘qishingga borsa, qo‘ltig‘idan ushlab, yuz gaz uzoqqa irg‘itib yuboradilar”, degan gaplarini, bundan dili og‘riganlarini gapirib o‘tirmadi. Axir, nima qilsayam, buvisi uni bag‘riga oldi-yu, taqdir oqimiga tashlab qo‘ymadi-ku! Dilshodani ba‘zan o‘zi qarg‘ab, o‘zi yig‘lardi. Dilshoda bugungi davrada gapini, albatta, yaxshi niyatdan boshlaydi:

— Biz odamlar alohida bir olam, deb o‘ylaymiz. Aslida tabiat va jamiyat — yaxlit, butun. Inson ham mana shu gullab yotgan daraxtlar, yashil maysazorlar, to‘lib oqayotgan  anhorlar, cho‘qqilari bulutga tegay-tegay deb turgan tog‘li tabiatning  bir qismi. Uning ko‘nglida kechayotgan tuyg‘ular tabiatda aks etadi. Har bir so‘zi, ovozi eshitiladi. Shuning uchun  o‘tgan, o‘tayotgan kunlar, o‘zingiz, yaqinlarimiz haqida yaxshi narsalarni o‘ylanglar. Yaqinlaringizga  yaxshilik sig‘ininglar. Mening tibbiyotdagi – sizlarning nazdingizda shuhratli ko‘ringan yo‘lim  ham yaxshi niyatdan boshlangan…

Dilshoda o‘sha tunni ko‘z oldiga keltirdi. Tun oydin, yulduzlar charaqlab yotgan, barkashdek oy osmonda suzib yurardi…

— Albatta, men uyiga o‘qishdan qaytganida ota-onasi ovqat qilib kutib o‘tiradigan kursdoshlarimga qiyoslaganimda orzularimga mashaqqat bilan erishdim. Lekin osonlikcha erishilmagan muvaffaqiyat ham inson uchun juda qadrli bo‘ladi…

Bir auditoriya qorako‘zlar uni bir juft ko‘z, bir yurakka aylanib eshitar, Dilshodaning gaplari samimiy, yurakdan chiqayotgani uchun u mutlaqo qiynalmay, ravon gapirardi…

Qutlibeka RAHIMBOEVA.