Payshanba, 18 Yanvar 2018

“Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ga yozuv kiritishmadi

O‘tgan yili nazorat qiluvchi organlar tomonidan korxonamiz faoliyati etti marta tekshirildi. Oqibatda, xususiy mulkimizga katta zarar etkazildi. Eng achinarlisi, barcha tekshiruvchilar “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ga yozuv kiritishni rad qilishdi. “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobi”ga yozuv kiritish tartibiga biror o‘zgartish kiritilganmi?

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2017 yil 6 iyundagi      116-mh-sonli buyrug‘iga muvofiq, “Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobini to‘ldirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 13-bandiga o‘zgartish kiritildi.

Endilikda, Nizomning 13-bandiga muvofiq, 6-ustunda tekshirish turining to‘liq nomi (rejali tekshirish, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi qaroriga muvofiq o‘tkaziladigan qisqa muddatli tekshirish, nazorat tartibida tekshirish, yuridik shaxs tugatilayotganda o‘tkaziladigan soliq tekshiruvi, Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (viloyat komissiyalari) bilan qo‘shimcha kelishuvsiz amalga oshiriladigan nazorat funksiyalari) va maqsadi ko‘rsatiladi. Tekshirish turining nomi tekshirish o‘tkazish reja-jadvali va buyruqda ko‘rsatilgan nomga, maqsadi esa — buyruqda ko‘rsatilganiga muvofiq bo‘lishi lozim.

Rukn bo‘yicha maslahatchi: 

Abdullojon TOLIBJONOV,

huquqshunos.