Chorshanba, 17 Oktabr 2018

“Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi ”: oradan 10 yil o‘tib…

O‘zbegimning  hech bir xalqda topilmaydigan antiqa udumlari haqidagi  nihoyatda dolzarb va o‘ta milliy muammo ortidagi mashmashalarni teleekranga olib chiqqan “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” serialini hammamiz qayta-qayta  tomosha qilganmiz. Ushbu serial  haqida fikr bildirgan yurtimizning birinchi prezidenti Islom Karimov: “Qirq tog‘oraning qirq  nog‘orasi” singari seriallar oradan yillar o‘tib ham o‘z aktualligini yo‘qotmaydi”, degan edi. Bugungi kunda hammamiz bu  so‘zlar qanchalar to‘g‘ri aytilganligining guvohi bo‘lib turibmiz. Shu yilning yoz oylarida serialning tomoshabinlar hukmiga havola etilgan  ikkinchi fasli  ko‘p sonli muxlislar e‘tiboriga tushdi.  Ssenariy muallifi, tajribali  jurnalist Marat Asadullaev bilan yangi faslning yaratilish jarayoni haqida suhbatlashganimizda ajoyib yangilikni eshitdik…  

Marat aka, serialning birinchi fasli haqida bergan intervyuingizda: “Keyingi faslda  o‘nta emas, yigirmadan ortiq oilaning taqdiri ko‘rsatiladi. Shuningdek, yangi seriyalarda o‘n yil avval noto‘g‘ri qo‘yilgan qadamning fojiasi ham bor…” degandingiz. Ish rejangizdagiday kechdimi?

— Yangi faslda serial qahramonlarining oradan 10 yil o‘tgandan keyingi taqdirlari ko‘rsatilishi kerak edi. Birinchi fasldagi urf-odatlar masalasidan  chekingan holda, asosan ijtimoiy hayotga urg‘u berildi. Aktyorlarimiz Tohir Saidov va Xosiyat Husanovalar ijrosidagi qahramonlarning taqdiri misolida, bir oilaning inqirozi sababli ro‘y bergan fojia ko‘rsatildi. Tomoshabinlar Malika Ibrohimova va Rustam Karimov oilasining taqdiri misolida nopok yo‘l bilan topilgan pulning vafo qilmasligi, “hovlisini sotib, chet elga ketgan vatangadolar” oilasining parokanda bo‘lishi fojiasiga guvoh bo‘lishdi. Bularning barchasi bugungi kunimizning og‘riqli masalalari, hayotda hammamiz guvoh bo‘layotgan, echimini topishga harakat qilayotgan muammolarimiz.

Nima sababdan serialdagi  aktyorlar tarkibi o‘zgardi?

—  Birinchi faslda asosiy qahramonlardan biri bo‘lgan  sevimli aktrisamiz Saida Rametovaning qahramonini ikkinchi faslda aktrisa Gulbahor Yo‘ldosheva ijro etdilar. Bunga sabab, serial suratga olinayotgan vaqtda  Saida Rametova teatrdan ishdan ketib, bir oz tushukunlikka tushgan paytlari edi, o‘z xohishlari bilan roldan voz kechdilar. Shu tufayli  biz bu obrazni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Yo‘ldoshevaga topshirdik. Odatda ba‘zi  aktyorlar boshqa kasbdoshi ijro etgan rolning davomini o‘ynashga rozi bo‘lmaydi. Fursatdan foydalanib, bunga rozi bo‘lganlari uchun  Gulbahor opaga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Ular bilan ishlash jarayonida iqtidorlari va tafakkurlariga tan berdim. Ba‘zi injiqliklarini ko‘tarishimizgayam to‘g‘ri keldi. Ssenariydagi “Mana buni o‘ynayolmayman, hazm qilolmayman” degan joylarini qaytadan yozib bergan paytlarim ham bo‘ldi va aktrisa Gulbahor Yo‘ldosheva  Yoqub Ahmedov bilan partnyorlikda ajoyib ona sifatida namoyon bo‘ldilar. Sevimli san‘atkorlarimiz Po‘lat Saidqosimov va Erkin Komilovlar ijrosidagi qahramonlar ham mukammal obraz darajasida yaratildi. Asosiy qahramonimiz bo‘lgan “kuyov yigit”  chet elda ekanligi bois va kelin rolidagi qizimiz turmushga chiqib ketgani sababli ularni ham o‘zgartirishimizga to‘g‘ri keldi. Kuyov bolani Tesha Mo‘minovning o‘z o‘g‘illari Tolib Mo‘minov va uning rafiqasini Azizaxon ismli qizimiz o‘ynashdi. Ularning ham ijrosidan ko‘nglim to‘ldi.

Demak, suratga olish jarayonlari ortiqcha qiyinchiliklarsiz kechibdi-da?

— Serialni tasvirga tushirish murakkab jarayon. Aktyorlar guruhi, ijodkorlar jamoasi, voqealar sodir bo‘ladigan manzillar va uy-joylar egalarining boshlarini qovushtirib, bir vaqtda bir joyga jamlash nihoyatda murakkab ish. Kutilmaganda sodir bo‘lgan biror voqea esa oylab tayyorlagan  rejangizni chippakka chiqarib yuboradi. Suratga olish jarayoni boshlanganining  uchinchi kuni Tursunoy rolining ijrochisi Muqaddas Holiqova toblari qochib, kasalxonaga tushib qoldilar. Rejissyorimiz Hamid aka: “Endi  rollarini  kimga beramiz?”  deb sarosimaga tushganlarida, men:  “Xavotir olmang, Muqaddasxon dardgayam chap beradigan, chapdast ayol. Tasvirga olish jarayonlari hali bir yil davom etadi. Muqaddasxon ishtirok etmaydigan voqealarni olib turamiz, bu orada  safimizga qaytadilar”, deb ishonch bilan tasalli berdim. Darhaqiqat, sevimli san‘atkorimiz nafaqat dard, balki uning asoratlariniyam  engib, yana ijodga qaytdilar. Va hech narsa bo‘lmagandek serialning tasvirga olish jarayonlariga qo‘shilib, ulfatlari uchun jonkuyar, halol, to‘g‘riso‘z, qalbi to‘la dard bo‘lsayam boshqalarning dardiga sherik bo‘ladigan tadbirkor ayol obrazini yaratishga muvaffaq bo‘ldilar.

Ish bor joyda, qiyinchilik, tasodiflar bo‘lishi, tabiiy. Ssenariy bo‘yicha Gulbahor Yo‘ldosheva, Zuhra Ashurova, Muqaddas Xoliqovalarning qahramonlari o‘n yildan so‘ng bir chorrahada mashinalari to‘qnashib, uchrashib qolishadi. Suratga olshi jarayoni tunda bo‘lib o‘tdi, kun sovuq.  Odatda operatorimiz Mannon Zunnunov suratga olgan materiallarni kompyuterga tushirib qo‘yib, keyingi epizodlarni suratga olishga kirishaverardi. Montaj qilish oldidan qidiramizki, o‘sha lavha erdayam, ko‘kdayam yo‘q. Kompyuterda titmagan joyimiz  qolmadi, yo‘q!  Ana endi asabiylashishni ko‘ring!   U sahnani qaytadan tashkil qilish uchun ozmuncha harakat kerakmi? “Tez yordam”, DAN inspektorining mashinalari, pachoq bo‘lgan mashinani olib kelish kerak bo‘ladi… Shularning hammasini o‘ylab, boshqa chora yo‘qligini bilgan holda  DANdan ruxsat olish uchun maxsus xat yozib, montajchi Murod Odilovga:  “Qani, kompyuterni yana bir qarab ko‘r-chi?” desam, chiqib turibdi-da!  Qayoqqa yo‘qolgandi, qaerdan paydo  bo‘ldi, bilmadig-u… topilganidan  boshimiz osmonga etguday xursand bo‘ldik. Ana shunday kutilmagan holatlarni enggan holda, hech qanday   byudjet ajratilmagan, faqat muallif, rejissyor hamda aktyorlarning jonbozliklari bilan belgilangan loyihaning yarmi, ya‘ni  20 qismi  suratga olindi.

Serial tomoshabinlar uchun katta sovg‘a bo‘ldi

— Xuddi shunday. “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” seriali tomoshabinlarimiz qalbiga shunchalar mustahkam kirib borgan ekanki, “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” serialining davomini suratga olish uchun uy qidirayotgandik” , degan gapimizni eshitib, bizga uylarini bo‘shatib bergan insonlar topildi. Biz tomoshabin uchun, mehnat qildik. Lekin ish to‘liq rejalashtirilganiday amalga oshmagani, chet bilan bog‘liq sahnalarni suratga olishning imkoni bo‘lmaganiga o‘xshash xolatlar ijodkor odamni  xafa qiladi, tushkunlikka tushiradi, albatta…

Ijodkorni tushukunlikdan nima qutqaradi?

— Nima qutqarardi, albatta, ijod-da! Shu kunlarda oynai jahon orqali  barcha sevib tomosha qilayotgan  turk ijodkorlarining “Kosem” teleserialiga havas qilib,  “Axir Turon zaminining tarixida ham bugungi avlodga aytiladigan juda ko‘p ma‘lumotlar bor-ku?” degan xayol menga tinchlik bermay qo‘ydi. Ikki yil avval taniqli yozuvchi  Nurali Qobul Amir Temur haqida boshlagan 18 tomlik solnomasining yarmini chop ettirganida, ushbu asarni o‘qib, “tayyor teleserial ekan”, degandim-u, bu oson ish emasligini bilib,  jazm qilmagandim.  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan  san‘at arbobi, taniqli kinorejissyor  Hojimurod Ibrohimov   “Menda ana shunday tarixiy mavzuda yozilgan Mirzo Ulug‘bek teleserialining tayyor ssenariysi bor..” deb menga bundan 25 yil muqaddam  Bo‘riboy Ahmedov va Shuhrat Abbosov  bilan hamkorlikda yozilgan 20 seriyali  ssenariy matnini  berdi. Teleserial  juda murakkab va turli fitnalarga boy Ulug‘bek hayotining oxirgi ikki yili va fojiasi haqida  ekan. Uni kim ekranlashtira olishi haqida o‘ylab turganimda, Prezidentimiz Xorazm vohasi mehnatkashlari  bilan uchrashib: “Sizlar Jaloliddin  Manguberdidek buyuk sarkardani etishtirgan elning farzandlarisiz.  Hatto Chingizxon ham uning mardligiga tan berib: “Jaloliddindek o‘g‘lim bo‘lganida men bu dunyodan bearmon o‘tardim”, degan. Sizlar bu qahramon  xaqida film  yaratinglar…” deb murojaat qildilar. Men o‘sha kuni Nurali Qobulning rafiqasi taniqli yozuvchi Shahodat  Isaxonovaning “Turkan xotin” romanini qayta o‘qib chiqib, Turon saltanatining tarixiga bag‘ishlangan Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulug‘bek mirzolarning hayoti va o‘sha davrlarga bag‘ishlangan trilogiya teleserialni yaratish loyihasi haqida o‘ylay boshladim. Va ustoz kinorejissyor Shuhrat Abbosov  boshchiligida Hojimurod Ibrohimov, Nurali Qobul,  Shahodat Isaxonovalarning  roziligi bilan taniqli kino va telerejissyor Jahongir Qosimovni  bosh rejisyorlikka taklif qildim. U “Menga tayyor ssenariyni bersangiz. Ustoz Shuhrat Abbosovning oq fotihalari bilan jon deb ishlayman”, deb rozilik bildirdi. Shu kunlarda Turon saltanati davridan hikoya qiluvchi har biri 100 qismdan iborat 3 mavsumli teleserialning matni ana shu ijodiy guruh ishtirokida yozilmoqda. Maqsad, Qoraxoniylar davlatining parchalanishi  va Xorazmshoh davrida Jaloliddin Manguberdining  mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashi, Amir Temur saltanati paydo bo‘lib, nevarasi Ulug‘bek tomonidan u boshlagan ishning davom ettirilishi kabi tarixiy voqealar orqali bugungi yoshlarda kimlarga munosib avlod bo‘lishlari kerakligi haqida to‘la tasavvur uyg‘otish, umuminsoniy qadriyatlar asosida ezgulikni tarannum etish.

  Tuhfa NAZAROVA suhbatlashdi.