Dushanba, 16 Iyul 2018

“Farzandimiz kimga o‘xshadi?”

Ko‘pincha ota-onalar bolalarining quloqsiz bo‘lib ulg‘ayotganidan ranjib, afsus bilan ularning yo‘l-yo‘riqlari, o‘gitlari “farzandining bir qulog‘idan kirib, ikkinchisidan chiqib ketishi”ni aytib noliydilar. Aksariyat ota-onalar o‘zboshimcha o‘smir-farzandlarini pand-nasihat, tanbeh va dashnom bilan tarbiyalashga harakat qiladilar.  Jerkish va izzalash bilan tartibga chaqirish ha deganda ijobiy natija beravermaydi…

Bolalar va o‘smirlarda o‘ziga xos xulq-atvor va ko‘nikmalar  shakllanishi jarayonida  bevosita ota-onalarda mavjud  bo‘lgan fe‘l, o‘zini tutish va muomala madaniyati, fikr joiz bo‘lsa, madaniyatsizligi ham muhim rol o‘ynaydi. Chunki kichkintoylar birinchi galda yoshi kattalarga taqlid qiladilar. “Qondan o‘tadi” deganlaridek, ota-onaning xulqi, suhbatlashish va muloqot uslubi qanchalik yaxshi bo‘lsa, bolalar ana shunday muloyim va xushfe‘l bo‘ladilar. Agar ular qo‘rs va dag‘al bo‘lishsa, farzandlar ularning yomon qiliqlari yoki urishqoqlik kabi nojoiz qusurlariga o‘rganadilar. Agar otasi “qizlarni hurmat qilish kerak” desa-yu, o‘zi farzandining onasiga qo‘rs gapirsa, qanday qilib bolakay risoladagiday xushmuomalalikka o‘rgansin? Yana “Sen kimga o‘xshading-a?!” deb dashnom berilsa…

Ba‘zan ota-onalar bolalarim qo‘pollik yoki boshqa xunuk nuqsonlarni qaerdan o‘rganishdi ekan, deb bosh qotirishadi-yu, o‘zlari bir bor fikr-mulohaza ko‘zgusiga qaramaydilar. Holbuki, bolalar barcha yomon qiliqlarni, dag‘al so‘zlik, og‘ziga kelgan so‘zning ma‘nosini anglamay aytib yuborishni o‘z “ustozlari”, yani ota-onalaridan o‘rganadilar.

Agar yoshi kattalar samimiy, ozoda, shirinso‘z, mulohazali  va chor-atrofdagilarga mehribonlik ko‘rsatishga moyil bo‘lsalar, bolalar ham shu xislatni yuqtirib oladilar. Aksincha bo‘lsa, ota-onasining fe‘l-atvoridan aynan nusxa ko‘chiriladi.

 Farzandingizga namuna bo‘ling

Bolalar ko‘pincha  ota-onalarining o‘zlarini tutishlariga va gapirish uslublariga taqlid qiladilar. Go‘dak bir ko‘rganini ancha paytgacha xotirasida saqlab qoladi. Agar ona og‘ir-vazmin bo‘lib, muloqot chog‘ida shirin so‘zlardan ko‘p foydalansa, bola ham xuddi ana shunday bo‘lishga intiladi. O‘z ota-onalarning atrofdagilarga qo‘pol munosabat va dag‘al  muoamala qilganini ko‘rgan bolalar,  hech shubhasiz, o‘yinlar va o‘zaro suhbatlashish chog‘ida  axloq normalariga amal qilmaydilar.

Bola bilan birga sayr qilish chog‘ida ota-onalar atrofda bo‘layotgan voqealarga munosabatlarini  bildirishlari lozim.  Jumladan, agar ular birgalikda    chekuvchi odamni ko‘rishsa,  bu narsa sog‘liq uchun o‘ta salbiy ta‘sir qilishini aytishlari shart.  Bolalar bilan suhbatda kinoyali, ko‘chma ma‘nodagi qo‘llash kerak emas. Aksincha, har bir gapni lo‘nda va aniq qilib tushuntirish lozim.

 Farzandingiz dars tayyorlashga erinchoqlik qiladimi?

Ba‘zan  bolalarda o‘qish, yozish, uyga berilgan vazifalarni bajarish uchun rag‘bat va xohish yo‘qligi kuzatiladi.

Shunday paytlarda siz telefon orqali yaqin kishingiz bilan gaplashing. Sababi bolalar ota-onalari kim bilan nima haqida galashayotganiga juda ham qiziqishadi. Suhbatingiz davomida astoydil farzandingizning mehnatsevar ekanligi va boshqa fazilatlarini tinmay  maqtayvering. Masalan, “bolam juda ham ko‘p kitob o‘qiydi, maktabdan kelishi bilan dars tayyorlashga tushib ketadi, karra jadvalini yoddan ayta oladi, matematikadan umuman xato qilmaydi”, deb atayin uning  bajargisi kelmagan fanlardan yaxshi o‘qishini ta‘kidlang. Ko‘p o‘tmay  bolangiz qo‘liga kitob, daftarini olib, dars tayyorlashga tushib ketadi. Unutmang, bolalar  hamisha o‘z ota-onalarining  qo‘llab-quvvatlashlari, shirin so‘zlari va rag‘batlantirishlariga muhtoj bo‘ladilar.

Turonbeka ShAROFUTDINOVA tayyorladi.