Juma, 20 Aprel 2018

Tomga chiqmay yorilgan shiferlar

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar IHHQ jamiyati tomonidan iste‘molchilarning elektr, gaz va suv ta‘minoti, sog‘liqni saqlash, savdo hamda boshqa sohalardagi murojaatlari O‘zbekiston Respublikasining “Iste‘molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunlari talablaridan kelib chiqqan holda o‘rganib borilmoqda.

Jumladan, shahar jamiyatiga K.Yormatov ko‘chasida yashovchi B.Mirzaabduqodirov murojaat qilib, o‘zi sotib olgan shiferlarning sifatsiz chiqqanidan shikoyat qildi. Ma‘lum bo‘lishicha, u shiferlarni sotib olib, tomga qoqishi jarayonida 44tasi, tomga chiqarish jarayonida yana 7tasi, jami 51 dona mahsulot yorilib sifatsiz holatga kelgan. Natijada fuqaro shahar IHHQ jamiyatiga mazkur masalada amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Iste‘molchi murojaati mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchi korxona vakili ishtirokida o‘rganildi. Natijada yorilgan shiferlar korxona tomonidan boshqa sifatlisiga almashtirib berildi.

Shaharning A.Qodiriy ko‘chasida yashovchi U.Xodjimatov ham shunga yaqinroq masala bilan jamiyatga murojaat qilgan. Ma‘lum bo‘lishicha u uyida ta‘mirlash ishlarini olib borayotib, tadbirkor X.Mamatqulovga qarashli plastik eshik va romlar yasab o‘rnatish shoxobchasiga xonadonidagi uchta romni plastik romlarga almashtirish uchun murojaat qilgan. Tadbirkor uning uyiga kelib,  romlarning o‘lchovlarini olgach, ikki tomon o‘rtasida yuqoridagi ishlarni to‘liq amalga oshirish uchun og‘zaki ravishda jami 3 million so‘m ish haqiga og‘zaki kelishishgan. Uy egasi bu pullarni xizmat ko‘rsatuvchiga bergan, lekin oradan 12 kun o‘tgan bo‘lishiga karamay, xizmat ko‘rsatuvchi ishlarni bajarishga kirishmagan. Iste‘molchi esa shu sabab uyidagi ta‘mirlash ishlarini tugallay olmayotganligi va o‘rtadagi ozaki kelishuv shartlari buzilayotganligi to‘g‘risida shikoyat qilib, muammoni hal qilishda jamiyatdan yordam so‘ragan.

Murojaatni o‘rganish jarayonida tadbirkorga O‘zbekiston Respublikasining “Iste‘molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni talablari tushuntirildi. Natijada u iste‘molchi U.Xodjimatovning 3 million so‘m pulini qaytarib berdi.

Ziyodaxon FOZILOVA,

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar IHHQ jamiyati mutaxassisi.