Juma, 14 Dekabr 2018

Shirinlikli “uycha”

Yangi yil bayramida shirinlikli “uycha” ertak va sehrgarlikning eng yaxshi timsoli hisoblanadi. Uni oila a‘zolari bilan birga tayyorlash mumkin. Buning uchun avvalo turli ziravorlar, mazali bezaklarni olib, ajoyib g‘oyalar bilan ilhomlanamiz va yaxshi kayfiyatda eng zo‘r resept bo‘yicha “uycha”ni tayyorlashga kirishamiz!

“Uycha” xamiri uchun:

Un — 1 kg, tuxum — 3 dona, shakar — 200 g, asal — 250 g, sariyog‘ — 200 g, ichimlik sodasi — yarim choy qoshiq va ¼ choy qoshiqdan ziravorlar (dolchin, zanjabil, qalampirmunchoq, yanchilmagan qora murch va kardamon).

Birinchi navbatda, barcha ziravorlar birgalikda hovonchada yanchib olinadi. Un va soda alohida idishda aralashtiriladi. Yanchilgan ziravorlarga asal, shakar, tuxum va sariyog‘ qo‘shiladi. So‘ng ichimlik sodasi va unli aralashma solinib, xamir qoriladi. Xamir 3 soat muzlatgichga qo‘yiladi.

Xamir tingunicha “uycha”ning shaklini tanlaymiz. Shirinlikni birinchi marta tayyorlayotgan bo‘lsangiz, derazali ikki yon qismi, orqa qismi, eshikli old qismi va ikkita bir xil tom qismlari bo‘lgan oddiy uycha shaklni tanlashingiz mumkin. Ularni qog‘ozga chizib olish kerak, keyin xamirga qo‘yib kesiladi.

Tayyor bo‘lgan xamir muzlatgichdan olinib, zar qog‘oz ustida 0,5 sm qalinlikda yoyiladi. Ustiga tayyorlab olingan andazalarni qo‘yib, “uycha”ning qismlari kesib olinadi va 170-180 darajali gaz pechida 10-15 daqiqa pishiriladi.

Yopishtirish uchun karamelli qiyom

Metall idishda 100 g shakarga 2 osh qoshiq suv qo‘shib aralashtiriladi. Aralashmali idish olovga qo‘yiladi, qaynab chiqqach, past olovda och jigar rang tus olguncha qaynatiladi.

“Uycha”ning pishgan qismlari sovigach, uni yig‘ishga kirishish mumkin.

Bezaklar

Asosiy bezak — shirin oqsilli qiyomdan chiziladigan naqshlar. Qiyomni tayyorlash uchun bitta tuxum oqi, 2 tomchi limon suvi va 180 g qand upasi aralashtirilib, quyulguncha ko‘pirtiriladi. Uni shirinlikka qandolat shprisi bilan surish mumkin.

“Uycha”ni bezatish uchun eng asosiy bezaklar — shokoladchalar, yong‘oq, rangli dumaloq konfetchalar, kokos qirindisi, qandolat upasi va marmeladlarni unutmang.