Seshanba, 19 Iyun 2018

Ozishda oqsilli mahsulotlarning foydasi

Sport zaliga borishga har doim ham vaqt topilmaydi, yangicha parhezlar esa ko‘p foyda keltirmaydi. Unda qomatni qanday qilib joyiga keltirish kerak? Bu muammoni hal qilishda asosiysi oqsildir. To‘g‘ri iste‘mol qilganda oqsilli mahsulotlar ozishga yordam beradi.

Samarali natijalarga erishish uchun tanovul qilinadigan taomni kamaytirish lozim. Oqsilli mahsulotlar organizmni tez to‘ydirib, ancha vaqtgacha ochlik hissidan xalos qiladi. Bunday taomlarni muntazam tanovul qilganda taom miqdori o‘z-o‘zidan kamayib, ozishga yordam beradi. Ammo bunda har bir taomning asosi oqsil bo‘lishi zarur.
Quyida taomnomangizdagi oqsillar miqdorini oshirishga va o‘z navbatida ozishga yordam beradigan mahsulotlar haqida bilib olasiz.

Qo‘ziqorin

Qo‘ziqorindagi o‘simlik oqsili organizmga hayvonnikidan yaxshiroq singadi. Qo‘ziqorin tarkibida minerallar, vitaminlar, aminokislotalar mavjud. Haftaga 2-3 marta qo‘ziqorin iste‘mol qilib, organizmni foydali moddalar bilan boyitasiz va semirmaysiz.

Tvorog va tvorogli mahsulotlar

Bir hissa yog‘siz tvorogda 30 g oqsil bor. Tvorog tarkibida, shuningdek, V12 vitamini, kalsiy va fosfor mavjud. Muntazam tvorog iste‘mol qilish organizmni oqsilga boyitibgina qolmay, soch va tirnoqlarni mustahkamlaydi, yuz rangini yaxshilab, immun tizimiga foyda beradi. Tvorogga yong‘oq, asal qo‘shish mumkin. Agar shirinlikka qarshi bo‘lsangiz, tuz, ukrop, sarimsoq qo‘shsangiz bo‘ladi. Tvorogdan keks, pechene va turli kokteyllar tayyorlash mumkin. Bu universal mahsulot har kuni dasturxonda bo‘lishi kerak.

Yogurt

Yog‘liligi 10% tabiiy yogurt tarkibida 50% oqsil, 25% kalsiy bor. Muntazam iste‘mol qilganda organizmdagi ortiqcha kilogrammlar uzoq “saqlanmaydi”.

Soya suti

Yog‘i kam, xolesterinsiz o‘simlik oqsilining eng yaxshi manbai. Organizmni zarur moddalar bilan to‘yintirib, semirib ketmaslik uchun muntazam ravishda soya sutini bo‘tqa, desert, qahva yoki choyga qo‘shish kerak.

Tuxum

Tuxum tarkibida oson va tez singadigan oqsildan tashqari, temir, kalsiy, rux, shuningdek, aminokislotalar mavjud. Nonushtaga ismaloqli omlet pishiring yoki shunchaki qaynatib eng. Bu juda mazali va foydalidir.

Yong‘oq

Tarkibidagi o‘simlik oqsiliga ko‘ra, yong‘oq etakchi o‘rinda turadi. Har qanday yong‘oq — eryong‘oq, yong‘oq, xandon pista ochlikni engish uchun eng yaxshi vosita sanaladi. Ozgina yong‘oq sizni ochlikdan xalos qilib, organizmni qomatga ziyon keltirmagan holda foydali moddalar bilan boyitadi.

 Loviya

Loviya, shuningdek, no‘xat, dukkaklilarni taomnomangizga albatta qo‘shing. Maydalangan loviyani eratalbki kokteyl yoki smuziga qo‘shsa, ichimlikning ta‘mi o‘zgarmaydi, organizm esa zarur miqdordagi oqsilga to‘yinadi.

Avokado

Avokado tarkibida oqsildan tashqari, omega-6 yog‘ kislotalari ko‘p bo‘lib, ular yog‘ni quvvatga aylantirib, ozishga yordam beradi.

Kinoa (Braziliya sho‘rasi)

Lotin Amerikasida asosiy taomlarga foydali qo‘shimcha sifatida ishlatiladi. Oqsilga boy bu o‘simlik oziqaviy qiymatga ega. Kinoaning yaqin qarindoshi oddiy sho‘radir. Bu o‘simlikni rukkola va ismaloq bilan birga salatlarga qo‘shsangiz, organizm foydali oqsilga to‘yinadi.

Ispan mavragi (chia urug‘lari)

Bu o‘simlik qadimdan oqsilga boyligi, oziqaviy xususiyatlari, shuningdek, qondagi xolesterin miqdorini kamaytirish xususiyatiga egaligi bilan mashhur. Urug‘larni kokteyl, yogurt yoki kefirga qo‘shish mumkin.

Foydali va to‘g‘ri ovqatlanish bilan me‘yoriy vazn o‘rtasidagi bog‘liqlik katta. Taomnomani yuqoridagi mahsulotlar bilan boyitsangiz, natijasi ko‘p o‘tmay ko‘zga tashlana boshlaydi.

Sevara AZIZ tayyorladi.