Seshanba, 19 Iyun 2018

Orzuning surati

Sohil bo‘yida ikki bolakay o‘tirishibdi.

— Shunday go‘zal dengizni televizorda ko‘rgandim.

— Endi ko‘rgani o‘zimiz keldik.

— Ha, to‘g‘ri, dengizni mana shunday yonidan ko‘rish orzu bo‘lib qolsa kerak, deb o‘ylagandim.

— Kel, hozir qumga orzuning suratini chizamiz. Kim chiroyli tasvirlar ekan?

— Kelishdik.

Quyosh tafti atrofni qizdirmoqda. Dengizning to‘lqinli mavjlari goh guvillagan tovush chiqarib toshgandek o‘ynoqlar, goh bolakaylar o‘tirgan sohil tomon surilardi. Do‘stlar qum ustida ajoyib suratlarni chizishga tushib ketishdi. Go‘yo vaqt ularni kutib turgandek hech nima xalal bermas, binobarin yaqin-atrofda bironta begona soya ko‘rinmasdi.

— Voy, baliqning surati. Nega baliqni tasvirlading?

— Chunki baliq — erkin jonzot. U keng ummon uzra istaganicha olis masofagacha suzib boradi. Ummon tubini ko‘rib qayta oladi. Bobomning aytishicha, baliqlar xosiyatli jonzotlar emish. O‘ylashimcha, Orzu baliqlarga o‘xshaydi, cheksizlikka intiladi, qanotlari bilan istagan olis masofasiga suzib boradi. Qani, endi sening navbating.

— Mana qara, men chizgan tasvir.

— Qushni tasvirladingmi? Buncha chiroyli? Nega aynan qush?

— Qushlar ham bepoyon osmonda istagan masofasigacha uchib borishadi. Qanotlarini qoqib dunyo aylanishadi. Osmon qadar balandlikka chiqishadi. Qushlar ham xosiyatli, mehribon jonzotlar emish. Men Orzuni qush tasvirida tasavvur qildim.

Bolakaylar keng dengizning olis sohillari tomon tikilishdi. Quyosh ufqqa bosh qo‘yayotgani ko‘rindi. Qumga uy tomon ketayotgan ikki do‘stning oyoq izlari tushdi. Tunda dengizning to‘lqinli mavjlari sohilga chiqib qumdagi suratlarni yuvib yubordi. Beg‘uborlik ila taralgan tasvirlarni boshqa hech kim ko‘rmadi. Haqiqatan, orzu qo‘lga ushlanmas, ko‘z bilan yaqqol ko‘rinmas, faqat uni chin ko‘ngil bilan his qilish kerak, tamom.

Dostonbek RAHMATULLAEV.