Payshanba, 18 Yanvar 2018

Qor menga umid bag‘ishlaydi

Tashqarida oppoq qor yog‘yapti. Mening juda ko‘p xotiralarim qor, qish fasli bilan bog‘liq. Qish faslida tug‘ilganman. Men tug‘ilgan kechasi rosa qor yoqqan ekan. Mana, hozir ayni paytda kasalxonadaman. Operasiyaga olib kirib ketishayotganda qordan darak ham yo‘q edi. Bugun hushsizlantiradigan dorining kuchi ketgach, o‘zimga kelib derazadan tashqariga qarasam, hammayoq oppoq qor… Hayot-mamot bilan olishgan odam o‘ziga kelib, atrofidagi oqlikni ko‘rsa, qanchalar baxtiyor bo‘lishini tasavvur qilib ko‘ring-a!..

Qandli diabet xastaligiga chalinganimda o‘n ikki yoshli qizaloq edim. O‘n sakkiz yildan beri shu xastalik bilan kurashaman. Bu kasallik meni hatto yurish baxtidan ham mosuvo qildi. Ko‘zlarim ham xira ko‘radi. Buning ustiga, ko‘richagim yorilib ketishiga ozgina qolib, bir o‘limdan qoldim. Qandli diabet bo‘lgan bemorning yarasi tuzalishi ham qiyin kecharkan. Endi peshanada borini ko‘ramiz…

Ba‘zida o‘ylayman: agar ota-onam arzimagan sabablar bilan janjallashishavermaganda, men ularning baqir-chaqirini eshitib qo‘rqib yoki siqilib kun o‘tkazmaganimda, bu dard menga baloday yopishib olmasmidi?..

Qor bilan bog‘liq yana bir shirin xotiram — 18 yoshimda menga anchadan beri yoqtiradigan sinfdosh yigitning qorxat yozgani. Unda oyoqlarim soppa-sog‘ edi. U harbiy xizmatdan qaytganida esa  kasalligim kuchaydi va men u bilan orani ochiq qilishga qaror qildim. Biz xayrlashayotganda ham qor yog‘ayotgandi…

Mana, shunga ham o‘n yildan oshdi. Sinfdoshim uylanib, ikki farzandning otasi bo‘ldi. Ammo tug‘ilgan kunimda va birinchi qor yoqqanda menga gul jo‘natishni kanda qilmaydi. Biram xursand bo‘lib ketaman…

Derazadan tashqariga qarab yotib o‘yladim. Har bir inson mana shunday oppoq qordan, tabiatning betakror go‘zalligidan bir umrga bahra olib yashashi uchun sog‘lig‘ini asrashi, atrofdagi yaqinlarini avaylashi kerak. Farzandlari sog‘lom va baxtli yashashi uchun bir-birini tushunib umrguzaronlik qilayotgan ota-onalar — sizlardan olijanob odamlar bormikin?..

Zamira.

Maktubni BARNO oqqa ko‘chirdi.