Dushanba, 16 Iyul 2018

Nazira:haqiqat g‘alaba qozonadimi?

Nazira qamoqda. Po‘lat Ergashev bundan foydalanish maqsadida ajoyib reja tuzgan. Opa o‘zining “sadoqatli” yordamchisidan shubhalana boshlaydi. Lekin bunday vaziyatdan ham mug‘ambir “o‘ng qo‘li” ustalik bilan chiqib ketadi. Bor aybni Naziraning eriga to‘nkaydi.

 Tilxat

Opani qamoqdaligidan foydalanganlar uning qo‘shma korxonasini, beshta do‘konini, sexini musodara qilib, kerakli odamlarga arzon garovga sotib yuboradilar.  Ergashev Naziraning mulkini o‘zlashtirish maqsadida, undan Shokirning uyini va sexni qari onasining nomiga, traktorlarni o‘zining nomiga xatlashni so‘raydi. Ishlar tinchigach, mol-mulkni qaytarishga va‘da beradi. Opaning aqli unga “ishonma” degani bilan yuragi “bir ishonib ko‘r”, deb sado chiqardi.

 Advokatga tahdid qilishadi

Advokat Ravshan Ahmedovichga tazyiq o‘tkazish maqsadida “Jiguli” avtomashinasi uni turtib yuboradi. Natijada Ravshan Ahmedovich engil jarohatlanadi. Mehmonxonaga kelganida Toshkentga qaytish uchun noma‘lum kimsalar chipta tashlab ketishadi. Advokat hech qanday po‘pisalardan cho‘chimay, Nazirani himoya qilishda davom etadi.

 Da‘vo arizasi

Ona va bola amnistiya evaziga ozodlikka chiqadilar. Uyga qaytganda esa vaziyat quvonarli emas. U qamoqda bo‘lgan vaqtida mol-mulkini garov sifatida olib chiqib ketilgan. Bu ham etmagandek Ergashev mulkni o‘z nomiga o‘tkazib olib, dumini tutqizishni istamaydi. Shokir adolatsizlikka jim qarab turmasdan Po‘lat Ergashev ustidan da‘vo arizasini yozadi.

 Yuzsizlik

Shodmonovlar uyida uyga qaytish munosabti bilan ziyofat. Ergashev uyalmay-netmay chaqirilmagan joyga keladi. Tomoshabin “Xayriyat-e, insof kiribdi” deyishi mumkin. Ammo uning maqsadi boshqa. Ergashev Naziradan Shokir arizasini qaytarib olishini so‘raydi. O‘zining nomiga o‘tkazgan barcha mulkni qaytarib berishini aytadi.

Nazira yana qamaladi

Shokir Ergashevning lafzida turmaganini kechira olmay, u bilan mushtlashadi. O‘gay otasi ham traktorini o‘zlashtirib olganlariga chiday olmay, janjalga qo‘shilib, Po‘latni rosa kaltaklaydilar. Bunday fursatdan foydalangan Ergashev Shokirga qarshi bezorilik, qasddan tan jarohati etkazish aybi bilan prokraturaga uning ustidan da‘vo arizasi yozadi. Shokirga qarshi jinoyat ishi ochiladi. Nazira bu holatga ko‘z yumib tura olmasdi. U farzandini yana qamab qo‘yishlarini istamay, Ergashevni o‘g‘li emas, balki o‘zi do‘pposlagani haqida xabar beradi. Hatto guvohlarga ham nima deyish kerakligini uqtiradi. Naziraning yana qamalishi dushmanlariga qo‘l keladi.

 

Yaxshilikka…

Nazirani qamalishi oila a‘zolarini tushkun holatga tushirib qo‘yadi. Lekin advokat chayqovchilikda ayblangan ona va bolani bu tuhmatdan xalos etish maqsadida da‘vo arizasini yozadi. Mazkur murojaat bee‘tibor qolmaydi. Ergashev esa, qanday qilib bo‘lmasin, Shokirni ham qamash payida…

Sud

Po‘lat Ergashevga nisbatan qasddan tan jarohati etkakazilgani bo‘yicha sud bo‘lib o‘tadi. Nazira oqlanadimi yo qamoq jazosini o‘taydimi? Hali hech narsa ma‘lum emas. Advokat hamon bo‘sh kelmay, haqiqatni yuzaga chiqarish uchun tish-tirnog‘i bilan kurashmoqda. Xo‘sh, haqiqat g‘alaba qozonadimi yoki buning aksi?   Bir gala erkaklarning ayol kishiga tazyiqlari oqibati qanday yakunlanadi?

TURONBEKA tayyorladi.