Chorshanba, 19 Sentyabr 2018

Kulguga nima etsin (Xandalar)

Ko‘p qavatli imoratning tomidan uchib kelayotan g‘ishtlardan biri ikkinchisiga so‘z qotdi:

— Bekor uchyapmiz! Havo yomon, uchmagan ma‘qul edi.

— Havoni qo‘y! Yaxshi odamning boshiga tushishning tashvishini qilsang-chi?!

***

— Yaxshi qo‘shiqni yomon qo‘shiqdan ajratish juda oson, men senga aytsam.

— Qanday qilib?

— Buni bilishning yo‘li oson: yaxshi qo‘shiq — biz yoshligimizda mazza qilib eshitganlarimiz, yomoni — bugungi yoshlar mazza qilib eshitayotganlari…

***

O‘ylagan narsalaring amalga oshmagani yomon… Ammo o‘ylamaganlaring amalga oshgani dahshat…

****

Oyoqda zo‘rg‘a turadigan ahvolda uyga kelgan erga xotin baqirdi:

— Sizni mast ahvolda ko‘rishni istamayman, deb necha marta aytdim?!

— Unda nega yarim kechagacha uxlamay, meni kutib o‘tiribsan?!

***

Basharangni aqlli qildingmi, undan foydalanishni ham uddala!

***

Ishlashga vaqtim yo‘q, pul topishim kerak!

***

Katta xarajatdan emas, kichkina daromaddan qo‘rq!

***

Ibtidoiy odamning o‘g‘li o‘qishdan qaytishi bilan otasining oldiga kundalik daftar o‘rnida ishlatiladigan marmar taxtachani qo‘ydi. Baholarni ko‘rgan otaning fig‘oni falakka chiqdi:

— Ona tilidan bahoing “to‘rt” ekanligini tushunsa bo‘ladi, o‘zi yaqindan beri gapira boshladik. Hisob fanidan “to‘rt” olganingga ham chidasa bo‘ladi. Negaki hali miyamiz unchalik rivojlangan emas. Lekin tarixdan “to‘rt” olganing nimasi, kallavaram?! Axir tariximiz bor-yo‘g‘i bir yarim sahifa-ku!

***

Suhbat — bu uch ayolning  hovlidagi o‘rindiqda gaplashib  o‘tirishi. Ulardan biri turib ketishi bilan esa suhbatning g‘iybatga aylanib ketish ehtimoli oshadi…

***

Yirik korxona rahbari soliqlarni noto‘g‘ri ko‘rsatganlikda ayblandi. U o‘zini oqlamoqda:

— Bor-yo‘g‘i ancha yurilgan, eski mashina sotib oldim, xolos.

— Shahar markazidagi katta kvartira-chi? Ikki qavatli dala-hovli-chi? Ular osmondan tushdimi?

— Mashinaning qaytimiga olganman!

***

Bajarilgan ishdan rohatlanishni istasang… uni bajarishni boshqa birovga topshirishning o‘zi kifoya.

***

— Qani, aytinglar-chi, qushlarga pul kerakmi?!

— Yo‘q, qushlar pulni boshiga uradimi?

— Shuni aytaman-da… Lochinlarim, bu oy ham sizlarga mukofot puli to‘lay olmaydiganga o‘xshayapman?!..

***

— Dadasi, sizga tarvuzdan keyin asal emang, ular bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi, degandim-ku?

— Aksincha, ular topishib olib, meni halok qilishmoqchi. Voy, jonim…

****

Afandining qo‘shnisi chakagi ochiq xotinidan shikoyat qilib chiqib qoldi.

— E, uka, o‘zi nimagayam uylanding-a? Bir o‘zing mazza qilib betashvishgina yashab yuraversang bo‘lardi-ku?

— To‘g‘ri, xotin — tashvish. Lekin kerakli tashvish-da!..

***

— Ayblanuvchi, ayting-chi, avtohalokat qanday sodir bo‘ldi?

— Qaynanam “chapga buriling” dedi, xotinim “o‘ngga burilasiz” dedi. Men ikkovining ham aytganini qildim. Axir oilaviy janjalga yo‘l qo‘yolmayman…

***

Ishdan qaytayotgan er uni ko‘chada kutib olayotgan xotiniga dedi:

— Boy bo‘lar ekansan, jonim! O‘lay agar, seni tanimadim!

— To‘g‘ri, bugun rostdan boy bo‘ladigan kunim, qani, maoshni cho‘zing-chi!

***

— Azizim, menga mana shu tilla uzukni olib bering?

— Norkadan tikilgan po‘stinning o‘rnigami?

— Yo‘q, guldastaning o‘rniga!

***

Ayol eridan shubhalana boshladi:

— Hozir o‘z ko‘zim bilan gazetada o‘qidim. Munajjimlar bashoratida allaqanday sariq sochli qiz bilan tanishishingizni yozib qo‘yishibdi!

— Yaxshilab o‘qi-chi! Balki manzili bilan qo‘l telefonining raqami ham yozilgandir?!..

***

Uzoq sukut saqlash qiyin — til aytilmagan so‘zlar ostida qolib, qattiq azob chekadi…

***

Rashkchi yigit va qiz bir niyatda turmush qurishdi: bir-birlarini kuzatib yurish uchun…

***

Dunyoda eng qattiq asabbuzarlik keltirgan fikr, o‘zing istamagan tarzda tasdiqlashingga majbur bo‘lgan fikrdir!

***

Dam olish kunlari xuddi pulday gap, qancha bo‘lsa ham, ortiqchalik qilmaydi!

***

Ikki marta uylandim, ikkalasiyam omadsiz nikoh bo‘ldi — birinchi xotinim ketib qoldi, ikkinchisi ketmayapti!

Dildora NAZAROVA tayyorladi.