Juma, 20 Aprel 2018

Kindik qismida og‘riq boshlansa…

Savol: Bir necha yil ko‘p qavatli uyda yashadik. Ikki yil oldin hovliga ko‘chib chiqdik. 14 yashar o‘g‘lim otasi bilan dam olish kunlari hovlida turli yumushlar qilishadi. Ba‘zida qum, sement, og‘ir toshlarni ham tashishga to‘g‘ri keladi. To‘satdan o‘g‘limning kindik qismida og‘riq boshlandi. Shifokor kindik churrasi  tashxisini qo‘ydi. Bu kasallikning oldini olish uchun nimalarga e‘tibor berish kerak?

Javob: — Bizni onalarimiz ko‘pincha farzandlarini, ayniqsa o‘g‘il bolalarni yoshlikdan og‘ir mehnatda katta bo‘lishlarini istashmaydi. Ona mehri kuchliligi sababli ularni ishga bo‘yin egmaydigan, dangasa bo‘lib qolishiga o‘zlari sababchi.  Ba‘zi bir oilalarda o‘g‘il bolalarni yoshlikdan mehnatga pishiq puxta qilib tarbiyalashadi. Unday bolalar ham sog‘lom, chayir bo‘lib o‘sishadi. Besh o‘n kilogramm yuk ko‘tarsa, beli qayishadigan bolalarda esa yuqoridagi kabi kindik churrasi rivojlanishi mumkin. Agar bola yoshligidan oz-ozdan og‘ir yuk ko‘tarishga o‘rganib borsa, uning organizmini hech qanday kasallik bezovta qilmaydi. Aksi bo‘lsa, birdaniga og‘ir yuk ko‘tarish natijasida kutilmagan kasalliklar boshlanish ehtimoli kuchayadi. Yuqoridagi onaning o‘g‘li ham xuddi shundek og‘ir mehnat qilmay, to‘satdan yuk ko‘tarishi natijasida kindik churrasi boshlangan.

Bolalarda ko‘pincha qorin oldi devorlari mushaklarining bo‘shashishi hisobiga kelib chiqadi. Bu asosan kam harakatlilik, jismoniy mashqlarni bajarmaslik, to‘satdan og‘ir mehnat qilish natijasida boshlanadi. Misol uchun, tosh ko‘taruvchi sportchilar eng dastavval 5 kg tosh ko‘tarishdan boshlashadi. Keyin 10 kg, sekin-asta vazn qo‘shib boraveradi. Kindik churrasi 0.5 santimetrdan o‘sishdan boshlanib, sekin-asta kattalashib, hatto qorin bilan tenglashib qolishi mumkin. Churraning oldini olish uchun yoshlikdan mushaklarni baquvvat qilishga harakat qilish kerak. Churraga moyillik boshlangan odamlar sigaret chekishi umuman mumkin emas. Kindik churrasini faqatgina jarrohi qilish, qorin qismiga jarrohlik setkasini qo‘yish orqali uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilish mumkin.

 

Dilshod UMAROV,

oliy toifali shifokor,

tibbiyot fanlari nomzodi.