Dushanba, 16 Iyul 2018

Qiz bolaning chin uyi

– Kim bor, ayajo-on? — Dilso‘z qiya ochiq darvozadan ichkariga qadam qo‘ya turib ovoz berdi. — Ayajon, kelinposhsha…

– Kelaver, qizim, bu erdaman!.. — Dilorom hovli burchagida joylashgan hammomdan boshini chiqarib javob qildi. — Ertalabdan kelishlaringdan aylanay-da, o‘zimning ona qizim… — Qo‘lini sochiqqa artgancha ust-boshini to‘g‘rilab qiziga peshvoz chiqdi. Dilso‘z onasini quchdi:

– Assalomu alaykum, ayajon. Yaxshimisiz? Dadam yaxshimilar? Ukam, kelinposhsha…

– Shukr, qizim. Hammamiz yaxshimiz. O‘zing, kuyov, bolalar, qaynota-qaynonang yaxshimi? Sog‘-salomat ishlab yuribsanmi?

– Ha, shukur, hammamiz yaxshimiz. Bugun darsim tushdan keyin boshlanadi. Kuyovingizni ishga, bolalarni maktab–bog‘chasiga kuzatib, sizga issiq non bilan kabob olib keldim, ayajon. Kelin choy qo‘yvorsa, ayollar o‘tirib bir kabobxo‘rlik qilardik…

– O‘zim choy qo‘yaman, jonim. Kelin kecha onasinikiga ketgandi…

– Onasinikiga?! Tinchlikmi, nega? Besh kun oldin kelganimda ham uyda yo‘q edi, onasinikiga ketgandi, tinchlikmi, ayajon? Men bilmaydigan biror gap bormi yoki?!

– Bolam-ey, — qizining qo‘lidagilarini olib uyga boshladi Dilorom. — Yangi kelin axir, uyam senga o‘xshab onasining yolg‘iz qizi, tez-tez xabar olishi kerak. Onasini sog‘inadi-da, bolam.

– Ayayaya!.. — Dilso‘z qizishib ketdi. — Men ham kelin bo‘lganman, men ham sizni sog‘inganman, aytganingizday sizlarning yolg‘iz qizingizman. Buning ustiga keliningizga o‘xshab etti mahalla nariga emas, shundoq ko‘chamizning boshiga kelin bo‘lib tushganman. To‘ydan keyin bir oy deganda, “Chorlar” qilganingizda kelgandim. Udumlarimizga ko‘ra uzatilgan qiz onasinikiga “Chorlar”ga kelganida yotib qolishi kerak. Lekin siz yotib qolishimga ruxsat bermagandingiz. “Sen endi bu uyga faqat mehmonsan, chin uying — eringning uy. Ota uyingdan senga naf yo‘q” degandingiz. Uch bolali bo‘libmanki, shu gapingiz esimdan chiqmaydi…

– To‘g‘risiyam shu-da qizim. — Dilorom xijolat chekkanday kulimsiradi: — Ichkariga kir, qizim, ostonada turavermay.

– To‘g‘risiyam shu bo‘lsa, ayajon, keliningizga ham aytsangiz-chi? Kelin bo‘lib tushganiga uch oy bo‘lgani yo‘q, qachon kelsam onasinikida bo‘ladi. Eh, ukaginam-a, qanday qizlar tegmasdi ukamga…

– Yana boshladingmi? — Dilorom ham qahr, ham ranjish ohangida e‘tiroz qildi. — Jon qizim, tinch kelib, tinch ketgin! Bilaman, ishing qiyin, o‘qituvchilik doimiy asabiylashishni taqozo qiladi. Lekin uyga kelganingda injiqligingni olib kelma…

– Injiqlik qilmayapman, ayajon… — Dilso‘z qo‘lini yuvgani hammomga o‘tib, tag‘in jig‘ibiyron bo‘ldi: — Aya, hali o‘zingiz kir yuvayotganmidingiz?!

– Obbo… — Diloromxon ayb ish ustida qo‘lga tushganday talmovsiradi. — Bir- ikkita qo‘l sochiqchalar, dasturxonlar… Odam harakat ham qilib turishi kerak-ku?..

– Dadamning ko‘ylaklari, Farhodning shimi, sviteri… Dasturxon bilan sochiqchalar, deng…

– Qizim…

Dilso‘zning ko‘zi yoshga to‘ldi.

– Odam nima uchun kelin qiladi, aya? Boshqalarning kelinini qarang, aya, sochi — supurgi, qo‘li — kosov. Men uni xizmatkor qiling demayapman, hech bo‘lmasa kelinlik vazifasini bajarsin!

– Bo‘ldi! Bu uyning bekasi bitta, Dilso‘z, men! Sen chiqqan qizsan, o‘rningni bilib kelib-ketgin! Kelin xizmatkor emas, o‘g‘limning xotini, uqdingmi?!

Dilso‘z indamadi. Choy damladi. Dasturxon yozdi. Taom ustida ona-qizning gapi qovushmadi. Bir ozdan keyin onasi bilan xayrlashib, uydan ko‘ngli xira chiqdi. Onasi ham aslida o‘zidan o‘tganini o‘zi biladi. O‘g‘lini o‘ylaydi. Yana ikki o‘g‘li bor uylanadigan. Odamlar nima deydi, har doim qaynonalarni aybdor qilib o‘rgangan g‘iybatchilar “bitta kelin bilan chiqisholmadi”, deb malomat qiladi. Gap-so‘z…

***

– Oyijon, buncha og‘ir bu xaltalaringiz, nima soldingiz? — Nigina onasi qo‘liga bergan xaltalarning og‘irligidan malollandi.

– Og‘ir emas, bolam, to‘rtta patir, akang Rossiyadan yuborgan shokoladlardan oz-ozdan soldim… Qaynatilgan go‘sht, olma-anor…

– Oyijon, uyimizda ham bor bu narsalar. Kuyovingiz xafa bo‘ladilar. Qaynonamning ham ko‘ngillariga har gap kelishi mumkin.

– Yolg‘iz qizimsan-da, nima qilay, ilinaman. Sensiz tomog‘imdan o‘tmaydi.

– Tushunaman. Lekin men har doim uydan narsa tashisam, kuyovingiz xafa bo‘ladimi, deyman…

Nigina onasi bilan xayrlashib, taksi to‘xtatib o‘tirdi. Yuragi xarsang tosh osilgandek yukli edi. O‘n kun ichida ikki marta ota uyiga kelib ketdi. To‘yiga uch oy to‘ldi, uch oydan beri onasi kunda to‘rt marta qo‘ng‘iroq qiladi. Ikki gapning birida “Charchamadingmi? Ish ko‘pmi? Yaxshi ovqatlanayapsanmi? Hech kim seni xafa qilmayaptimi?”… Bu savollar avvaliga Niginaga g‘amxo‘rlikday tuyular, xush yoqardi. Keyinchalik onasining so‘roq-savollari  g‘ashiga tegadigan, yangi uyga o‘rganib-ko‘nib ketishiga xalaqit berayotganini o‘ylab, ko‘ngli xijil tortadigan bo‘ldi. Biror tansiqroq ovqat qiladigan bo‘lsa ham, onasi Niginaga qo‘ng‘iroq qiladi. Uyiga mehmon kelsa, Rossiyada ishlayotgan akalari qo‘ng‘iroq qilsa, pul jo‘natsa ham, onasini uni chaqirib olaveradi. Tag‘inam qaynonasi yaxshi, kulibgina qo‘yadi: “Mayli, qizim, borib kela qoling, onangiz sog‘ingandir”, deb. Yangalari uch-to‘rt oylab onasinikiga bormaydi. Bechoralar eri uzoqda, qaynonasidan ruxsat olish uchun ming istihola bilan gap ochsa, onasi qovoq-tumshuq bilan ruxsat beradi. So‘ng buni gapirib ham yuradi, “Uyda shuncha ish turibdi, qo‘g‘irchoqday kiyindi-yu, ona uyning yo‘lini tutdi”, deb.

Nigina yo‘l bo‘yi shularni o‘ylab kelarkan, kelinlik uyi ostonasidan xijolatlik bilan ichkariga qadam qo‘ydi. “Agar biror ishni qilganingda ichingda, o‘zingdan, vijdoningdan uyalish hissini tuysang, demak xato qilayapsan”. Bir kitobda shunday fikrni o‘qigan edi. Ha, u xato qilayapti. Mehribon qaynonasi, g‘amxo‘r qaynotasi, sevimli jufti, qaynbo‘yinlari uni hurmat qilishadi, yaxshi ko‘rishadi. Nigina ularning mehr-muhabbatini qadrlamayotgandek his etdi o‘zini. Uyida ish qaynab yotgani ham yo‘q. Haftada bir-ikki uy tozalash, har kuni bir marta hovli supurishni aytmasa, kun bo‘yi kitob, gazeta-jurnal o‘qib vaqtini o‘tkazadi. To‘ydan keyin kuyovi ishga ham qo‘ymadi.

– Bir oilaga hamshira kerak, o‘zimizga, qo‘ni-qo‘shniga hamshiralik qilasiz, — dedi Farruh. — Tuman markaziga qatnab ishlash oson emas, yozning jaziramasi, qishning sovug‘i bor. Qiynalib yurishingizni istamayman. Siz mening jufti halolimsiz. Opam, ukalarimni o‘z jigarlaringizday ko‘rib, ota-onamning hurmatini o‘rniga qo‘yib, xizmat qilsangiz bo‘lgani. Sizdan boshqa hech narsa talab qilmayman…

Unashtirilganlarida Farruhdan bu gaplarni eshitganida, Niginaning yuragi  quvonch va saodatdan hapqirib ketgandi. Onasiga uyda o‘tirishi ham yoqmayapti:

– Uyda o‘tirib qolasanmi? Cho‘ri bo‘lasan-da! Erta-indin qayningga o‘qigan, ishlaydigan kelin tushirishsa, ko‘ngling kemtik bo‘lib o‘tirasanmi?..

– Qaytaga menga uyda o‘tirish yoqadi, oyijon. Men ishsiz emasman. Hamshiraman. Chevarman. Uyda o‘tirib ham ishlasam bo‘laveradi… — Nigina kuyovning talabi o‘ziga ma‘qul kelganini yashirmadi…

… — Keldingizmi, kelinjon?.. — Nigina oshxonadan chiqib kelgan qaynonasini ko‘rib xijolatdanmi, xayolga berilganidanmi, talmovsirab qoldi. Bir lahzalik taradduddan so‘ng salom berish kerakligini esladi:

– Assalomu alaykum, oyijon! Yaxshimisiz? Yaxshi o‘tiribsizlarmi?..

– Shukur, kelinjon. Biz yaxshimiz. Onangiz, dadangiz yaxshi ekanlarmi?

– Shukur… — Nigina yuzini yashirishga urindi. — Salom aytib yuborishdi.

– Salomat bo‘lishsin. Endi ovqatni suzmoqchi bo‘lib turgandim. Farruhbek ham ishdan qaytdi. Dadangiz, ukalaringiz ham bugun ertaroq qaytishdi. Qaynatma solib qo‘ygandim. Hammamiz yig‘ilishdik, endi ovqatni suzsam ham bo‘ladi…

Qaynonasining ovozida zarda yoki piching ohangi sezilmasdi. Qo‘lidagilarni oshxona qo‘yib, o‘zlarining uyiga kirdi. Eri yotoqda cho‘zilib yotgan ekan. Salomiga o‘rnidan qo‘zg‘almay alik oldi.

– Nigina, — Farruh o‘rnidan turdi. — Kecha menga qo‘ng‘iroq qilib onangnikiga bormoqchiligingni aytganingda, ruxsat bermagandim, onamga aytib ketibsanmi?

Nigina talmovsirab qoldi.

– Onamning ko‘ngli bo‘sh, seni xafa qilishni xohlamagan. Lekin men xafa bo‘ldim. Senga aytgan edim-a, onangning uyidan egulik olib kelma, nima eging kelsa, o‘zimga ayt, olib kelaman, deb. Hozir yana og‘ir xalta ko‘tarib kelding. Oyda ikki marta onangni ko‘rib kelishingga ruxsat berishimni aytgandim, bir oy ichida bu beshinchi bora ota uyingga borib kelishing. Shunaqami?

– Onam sog‘inganlarini aytib, chaqirtirdilar…

– Nigina, Dilso‘z opam uzatilganida biz o‘smir bola edik. Onam “Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari, qiz bolaning chin uyi — er uyi” deb opamga har kelishida uqtirardilar. Biror tansiq ovqat pishirsalar, bizdan berib yuborardilar. Uzatilgan qiz hadeb ota uyining yo‘lini tutaversa, yangi uyga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi. Senga gaplarim g‘alati tuyulayaptimi? “Ayollarga o‘xshab gapiryaptilar?” deb o‘ylayotgandirsan. Lekin men bu gaplarni senga aytganim boshqacha, onam yo opamdan eshitganing og‘ir botadi. Onam gapirmaydilar, senga ozor berishni istamaydilar. Opamda ham bizning oilamizga aralashish huquqi yo‘q. Shuning uchun o‘zim aytayapman, agar oila qilishni, baxtli xonadon bekasi bo‘lishni istasang, ikki kunning birida ota uyingning yo‘lini tutishni to‘xtat. Sen endi oilali ayolsan. O‘z uying, ro‘zg‘oring, o‘z tashvishlaring bor. Bugun-erta ukam uylansa, qozonimiz bo‘lak bo‘ladi. Men “Qachon onasinikidan qaytib, menga bir qoshiq yovg‘on tutadi?” deb kutib o‘tiramanmi? Ota uying ortda qoldi. Uylanishimdan oldin tog‘am: “Bir paytlar nikoh kechasida kuyov kelinchakni ostona oldiga olib kelib urmoqchi bo‘lgan, kelin qochib uyga kirsa, xosiyatli, uyim-joyim deydigan bo‘ladi, ostona hatlab chiqib qochsa, har kuni tugunini ko‘tarib, “Onamnikiga ketaman!”chi bo‘ladi, deb irim qilishgan” degandilar. Men bir ayol bilan ikki dunyoda baxtiyor bo‘lish uchun uylanganman, Nigina. Shuni yodingda tut! Iltimos, sendan, boshqa bu mavzuda gaplashmaylik!..

Nigina xijolatlikdan yig‘lab yuborgulik holatda yotoqqa cho‘kdi. Eri haq. Peshonasi yarqiragan ekan, shunday xonadon, qaynota-qaynona, Farruhday yigit uchradi. Bu baxtni  qadrlab, avaylashi kerak…

Kechki ovqat ustida Dilorom kelini, qudalarini alqab, duo qilib qudag‘ay berib yuborgan eguliklarni dasturxonga tortar ekan, Niginaning ko‘nglidagi g‘ashlik tumanday tarqab ketdi…

 Umida ADIZOVA.