Seshanba, 25 Iyun 2019

Ishonchnomaga ishonch bormi?

O‘zingizga ma‘qul avtomobil rusumini tanlab, xarid qilmoqchisiz. Benzin narxi, avtomobillar to‘xtash joyi yoki garaj muammosi kabilar ham sizni ahdingizdan qaytara olmaydi. Biroq, eng asosiysi, orzuingizni amalga oshirish uchun etarli mablag‘ masalasi hal bo‘lmagan…

Mashinaning egasi kim?

Hozir ishonchnoma orqali xususiy shaxslardan mashina “xarid” qilish urfga kirgan. Mashina egasi pulni oladi va sizga mashinani boshqarish hamda uni tasarruf etishga ishonchnoma beradi. Huquqiy jihatdan “avtomobilni ishonchnoma orqali sotish” tushunchasi yo‘q. Shuning uchun ham, tomonlar aniq bir shaklda shartnoma tuzmaydilar. Bunaqa ko‘rinishdagi “xarid”ning o‘ziga xos xususiyatlari bor: amalda shartlashgan tomonlarning javobgarligi yo‘q hisob va  bu “ishonch” istalgan ko‘rinish olishi hech gapmas. Ishonchnoma asosida mashina olayotgan bo‘lsangiz, mulk sifatida mashinaga egalik huquqini olmaysiz. Ishonchnoma bo‘yicha mashinadan foydalanish va tasarruf etish huquqiga ega bo‘lsangiz-da, mashinaga bo‘lgan egalik huquqi avtomobilning egasiga tegishli bo‘lib qolaveradi. Ba‘zi noxushliklar aynan shundan kelib chiqadi.

Salbiy oqibatlar

  • Xaridor (ko‘pchilik o‘ylaganidek) ishonchnoma asosida “sotib olingan” avtomobilni nomiga rasmiylashtira olmaydi (o‘ziga sota olmaydi).
  • Avtomobilning egasi istagan paytida sotishi, sovg‘a qilishi, garovga berishi va, tabiiyki, avtomobilni qaytarib berishni talab qilishi mumkin.
  • Bundan tashqari, uning egasi vafot etgan taqdirda, merosxo‘rlar mashinani umumiy meros sifatida sizdan qaytarib berishni talab qilishlari mumkin.

 Bundan buyog‘i sud…

Xo‘sh, bunlay vaziyatda nima qilish mumkin? Avvalo mashinaga egalik huquqingiz borligini asoslovchi dalillar bilan da‘vo ochishingiz kerak. Ishga taalluqli boshqa dalillar sifatida har qanday yozma (tilxat, xat yoki boshqa) hujjatlar sudga taqdim etilishi lozim. Mabodo siz foydalanib turgan avtomobil uchun pul mablag‘i berilganini isbotlovchi dalillar taqdim eta olmasangiz, da‘voingiz qanoatlantirilmaydi va mashinani qaytarishingizga to‘g‘ri keladi. Mashinani ta‘mirlash, sug‘urta rasmiylashtirganingiz, signalizasiya o‘rnatganingiz va shunga o‘xshash boshqa xarajatlar dalil hisoblanib, avtomobilga bo‘lgan egalik huquqingizni isbotlashda foydalanish mumkin.

Qanday hollarda ishonchnoma bekor qilinadi?

Ishonchnomaning amal qilishi Fuqarolik kodeksining 141-moddasiga asosan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:

  • – ishonchnoma muddatining tamom bo‘lishi;
  • – ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi;
  • ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi;
  • nomidan yoki nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
  • ishonchnoma bergan yoki olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan, bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi;

Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin.

 Yo‘qotilsa yoki o‘g‘irlansa…

Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lishi bilan uni boshqa shaxsga o‘tkazish ham o‘z kuchini yo‘qotadi. Agar ishonchnoma yo‘qolgan (yo‘qotilgan, o‘g‘irlangan) bo‘lsa, yangi ishonchnoma berishi uchun mulk egasiga murojaat qilish lozim – yo‘qolgan ishonchnomani tiklashning boshqa yo‘li yo‘q. Bunday vaziyatlarda, mulk egasi yashash joyini o‘zgartirgan yoki uzoq muddat komandirovkaga ketgan bo‘lishi mumkinligi, shuningdek, umuman u ishonchnomani qayta rasmiylashtirishdan bosh tortishi mumkinligini ham esdan chiqarmang.

Avtohalokatda zarar etsa…

Agar avtomobilga yo‘l-transport hodisasi natijasida zarar etgudek bo‘lsa va ishonchnomada sudda ishonchnoma bergan shaxs nomidan sizning da‘vogar sifatida ishtirok eta olishingiz qayd etilmagan bo‘lsa (odatda, ishonchnomalarda bu haqda alohida qayd etilmaydi!), manfaatlaringizni himoya qila olmaysiz. Buning uchun mulk egasidan alohida ishonchnoma olishga to‘g‘ri keladi.

So‘nggi so‘z

To‘g‘ri, bugun mazkur xizmat turi avtohavaskorlar orasida o‘zining bir qator qulayliklari bilan ancha ommalashgan. Biroq uning o‘ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari borligini unutmang. Zero, avtomobilni kimgadir ishonchnoma orqali berish yoki olish paytida bularni e‘tibordan qochirmaslik foydadan xoli emas…

Mashina sotib olishda uni o‘z egasiga qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtirish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Rukn bo‘yicha maslahatchi: Malika MAZBUDOVA,

Xalqaro huquqiy ishlar bo‘yicha

advokatlar hay‘ati a‘zosi, yurist.

ShOHJAHON tayyorladi.