Payshanba, 18 Yanvar 2018

Imom Termiziyga ehtirom

Yaqin orada Surxondaryo viloyati Sherobod tumaniga yo‘lingiz tushib, Cho‘michli mahallasidagi Abu Iso Muhammad at-Termiziy qabrini ziyorat qildingizmi? Qadamjoga qayta hayot bag‘ishlanganidan xabaringiz bormi? Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keyingi bir yil davomida bu erda katta hajmda bunyodkorlik ishlari olib borildi. Shavkat Mirziyoev 2016 yilning oktyabr, 2017 yilning fevral oylarida Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida hududda bajarilayotgan ishlar loyihasi bilan tanishib, u erni ziyoratchilar uchun obod maskanga aylantirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi. Abu Iso at-Termiziy ziyoratgohi tubdan qayta rekonstruksiya qilinib, butunlay o‘zgacha qiyofa kasb etdi va shu yilning 2 fevral sanasidan Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy yodgorlik majmuasiga aylantirildi.

Majmuaga olib keladigan 4-5 kilometrlik yo‘lga asfalt yotqizildi, suv, elektr va gaz tarmoqlari tortildi.

Majmuaning o‘ng tomonida Abu Iso Muhammad at-Termiziy maqbarasi joylashgan. Qurilish jarayonida X-XI asrlarda Ismoil Somoniy davrida pishiq g‘ishtdan barpo etilgan maqbaraning asosi saqlab qolindi, tashqi va ichki qismda ta‘mirlash ishlari olib borildi. Maqbara yoniga ziyoratchilarning qur‘on tilovat qilishi uchun mo‘ljallangan qo‘shimcha xonaqoh qurildi va uning devorlari naqshlar bilan bezatildi. Maqbaraning markazida esa bobomizning xoki mangu qo‘nim topgan. Qabr ustida yangi o‘rnatilgan oq marmar qabrtosh joylashgan. Unga qur‘on oyatlari va naqshlar o‘yib yozilgan. Bir mahallar qabr va maqbara atrofi achinarli ahvolda bo‘lgani ko‘nglimizni og‘ritadi.

Endi bu erda hammasi boshqacha! Majmua hovlisida sharqona uslubdagi ayvonlar qurildi, turli xil gullar, manzarali daraxtlar ekildi. Hovlidagi qadimiy tut ham saqlab qolindi.

Endi bu muqaddas go‘shaga keluvchilar soni ortgani yaqqol sezilmoqda. Xorijiy va yurtimizning turli hududlaridan kelgan ziyoratchilar qadami uzilmaydi.

Haj ziyoratiga borgan yurtdoshlarimizdan boshqa mamlakatlardan kelgan musulmonlar imom al Buxoriy va imom at-Termiziy haqida so‘rar ekan. Bu ikki buyuk muhaddisning islom olamida tutgan o‘rni va din rivojiga qo‘shgan hissasi nihoyatda balandligidan nishona. Ularning ustoz-shogirdlik, safdoshlik munosabatlari ham azaliy qadriyatning yuksak ko‘rinishi sanaladi. Hayotlik mahali Imom al Buxoriy Imom at-Termiziyga qarata shunday degan ekan: “Mening sendan olgan foydam, sening mendan olgan foydangdan ko‘proqdir”. Bu ustozning shogirdni yurakdan e‘tirof etishi, uni o‘ziga safdosh deb bilishi edi. Termiziy ham ustozini munosib qadrlagan va fazilatini e‘tirof etib shunday degan: “Na Iroqda, na Xurosonda ilal, tarix va isnodlarni bilish borasida ulug‘lar ichida Muhammad ibn Ismoildan bilimdonroq kishini ko‘rmadim”. Imom Buxoriy olamdan o‘tganda, Imom Termiziy yig‘lay-yig‘lay ko‘zi ojiz bo‘lib qolgani esa shogirdning ustozga, safdoshning safdoshga bo‘lgan cheksiz hurmati, muhabbatining isboti.

Islom olamida “Qutubi sitta”, ya‘ni Qur‘oni qarimdan keyin olti sahih kitob tan olinadi va ular darajasiga ko‘ra tartiblanadi. Ularning birinchisi Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asari sanalsa, Imom Termiziyning “Al-Jome‘” asari to‘rtinchi kitobdir.

Imom Termiziyni mashhur qilgan sifatlaridan yana biri uning kuchli xotira egasi bo‘lganidir. Eshitgan narsalarini nuqta-nuqtasigacha adashtirmay aytib bera olgani, uning xudo yuqtirgan quvvai hofizasi borligini bildiradi.

Bugun buyuk allomaning bebaho merosi keng targ‘ibot etilishi va ilmiy asosda chuqur o‘rganilishi uchun yana bir qancha muhim qadamlar tashlandi. Shu yilning 14 fevral kuni davlatimiz rahbari “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hozirgi kunda Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida ushbu markaz binosi qurilmoqda. Markaz bitgach, u erda islom dinining, Qur‘oni karim va hadis ilmining asl mohiyati, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma‘naviy asoslari, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, O‘zbekistondan etishib chiqqan mutafakkir zotlar merosi o‘rganiladi va targ‘ib etiladi.

Joriy yilning 21 aprel kuni esa Prezidentimiz poytaxtimizning Olmazor tumaniga tashrifi chog‘ida 1876 yilda asos solingan “Imom Termiziy” jome masjidini ko‘zdan kechirib, uni qaytadan qurish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Hozirgi kunda erto‘lasi bilan birga 3 qavatdan iborat bo‘lgan masjidning yangi binosi qurilishi davom etmoqda.

Davlatimiz rahbarining yana bir qarori bilan poytaxtimizning Hazrati Imom majmuasida barpo etilayotgan Islom sivilizasiyasi markazida dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk olimlar qatorida Imom Termiziyning alohida o‘rni borligi allomaning nomiga bo‘lgan yana bir hurmatdan nishona. Endi bu markazda ham bobomizning merosi tadqiq etiladi, ilmiy-ma‘naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlari targ‘ib qilinadi.

O‘zbekiston — allomayu mutafakkirlar yurti! Biz bugun yurtimizda birgina Imom Termiziy nomiga ko‘rsatilayotgan hurmatni esga oldik. O‘ylaymizki, bu xayrli ishlarning bari bobomizning ruhini shod qiladi va ilmu ma‘rifatga yana bir nurli yo‘lni ochib beradi.

Fozil JABBOROV.