Payshanba, 15 Noyabr 2018

Detektiv: Sehrgarlar tuhfasi (O.Genri )

Bir dollar-u sakson etti sent. Bori shu, xolos.  Bu pulning oltmish senti esa bir sentlik tangalar. Bu tangalarning har birini tejab qolish uchun baqqol, qassob va ko‘katlar sotuvchi bilan shunaqangi talashib-tortishib savdolashganki, eslasa, hatto o‘zining o‘ta darajada tejamkorligidan quloqlarigacha qizarib ketadi ham.

Della uch marta qayta-qayta sanadi. Bir dollar-u sakson etti sent. Ertaga esa Yangi yil kiradi.

Dellaning qo‘lidan keladigan yagona ish — o‘zini to‘shakka tappa tashlab, to‘yib-to‘yib yig‘lash edi, xolos. U aynan shunday qildi ham. Hayot ko‘z yoshlari, xo‘rsinishlar va tabassumlardan iborat, degan faylasufona qarash mavjud bo‘lsa-da, negadir xo‘rsinishlar tarozining pallasini bosib ketardi.

Uy bekasini bu bosqichlardan o‘tishda qoldiraylik-da, uyning o‘zini ko‘zdan kechirib chiqaylik. Mebellar bilan jihozlangan ijaraxonaga haftasiga sakkiz dollar to‘lashadi. Uy jihozlari o‘ta qashshoq bo‘lmasa-da, har tarafdan kambag‘allik nuqsi ufurib turardi. Pastdagi kirish eshigi oldiga o‘rnatilgan pochta qutisining tirqishidan bitta ham xat o‘tolmaydi. Elektr qo‘ng‘iroq tugmachasini esa bironta inson bosib, tiq etgan tovush chiqara olmaydi.

Shuningdek, eshikka o‘rnatilgan “Janob Jeyms Dillingem Yung” deb yozilgan taxtachani oling. “Dillingem” ismi yaqindagina o‘z egasi haftasiga o‘ttiz dollar topib, to‘kin-sochin umrguzaronlik qilayotgan vaqtda bor bo‘yicha cho‘zilib ketgandi. Endi esa, egasining daromadi haftasiga yigirma dollargacha pasayganidan keyin, “Dillingem” so‘zidagi harflar xiralashib qoldi. Bir qaraganda ular sipo va oddiygina “D” sifatida qisqarish haqida bosh qotirayotgandek tuyulardi.

Janob Jeyms Dillingem Yung uyga kelib, yuqori qavatdagi xonasiga ko‘tarilganida, uni Jeyms Dillingem Yung xonimning kumush qo‘ng‘iroqdek jarangdor ovozda aytilgan “Jim!” degan xitobi va mayin tabassumi kutib oladi. Aytgancha, bu xonim biz yuqorida ta‘riflagan Dellaning o‘zginasidir…

Della yig‘idan to‘xtadi va upa surtadigan momiqni yonoqlariga asta-asta bosdi. U endi deraza oldida turar va tussizgina hovlini o‘rab olgan kulrang devor ustida sayr qilayotgan targ‘il mushukni befarqqina tomosha qilardi.

Ertaga Yangi yil, uning bo‘lsa Jimga sovg‘a olish uchun bir dollar-u sakson etti sentgina puli bor! Uzoq oylar davomida u bir sentdan pul tejab, yig‘ishga harakat qildi va oqibatda erishgani shu bo‘ldi. Haftasiga yigirma dollar bilan uzoqqa borolmaysan. Xarajatlar u o‘ylaganidan ko‘ra ko‘proq bo‘lib chiqdi. O‘zi xarajatlar doim shunday bo‘ladi.

Jimga sovg‘a olish uchun bir dollar-u sakson etti sent! U jonidan ortiq ko‘radigan Jimga!

Della pul yig‘ayotganida, Jim uchun Yangi yilga qanday sovg‘a olishi haqida sarhadsiz orzularga berilib, qancha-qancha quvonchli onlarni boshdan o‘tkazgandi. U Jim uchun judayam boshqacha, noyob, qimmatbaho, erining ishlatishi uchun juda munosib bo‘lgan nimadir olmoqchi edi.

Derazalar orasidagi bo‘sh joyda toshoyna turardi. Sakkiz dollarli mebellashtirilgan ijaraxonadagi toshoynaga sira qaraganmisiz? O‘ta ozg‘in va judayam harakatchan insongina uning torgina tavaqalaridagi aksini ko‘rishi, o‘zining tashqi qiyofasi haqida aniqroq tasavvurga ega bo‘la olishi mumkin. Qomati niholdek nozikkina bo‘lgan Della esa torgina toshoynaga qarash san‘atini mukammal egallab olgandi.

 Della to‘satdan derazadan uzoqlashib, toshoyna tomon otildi. Uning ko‘zlari chaqnasa-da, ammo yuzidan qon qochgandi. U chaqqonlik bilan sochidagi to‘g‘nag‘ichlarni olib tashlay boshladi.

Shuni ham aytib o‘tish joizki, er-xotin Jeyms Dillingem Yunglarda ularning g‘ururi bo‘lgan ikkita qimmatbaho xazina bor edi. Ulardan biri — Jimga otasi va bobosidan meros bo‘lib qolgan oltin soat bo‘lsa, ikkinchisi — Dellaning sochlari edi. Agar Sabo malikasi qarama-qarshi tomonda joylashgan uyda yashaganida edi, Della har safar sochlarini yuvganida, albatta deraza oldida quritgan bo‘lardi. Uning dunyoda yagona bo‘lgan sharsharadek ajoyib sochlarining jilosi qarshisida hazrati oliyalarining barcha taqinchoqlari va liboslari xira tortib, tarovatini yo‘qotardi. Mabodo shoh Sulaymon shu uyda eshik og‘asi bo‘lib ishlaganida va bor boyligini erto‘lada saqlaganida edi, Jim uning yonidan o‘tayotganida har safar cho‘ntagidagi soatini chiqargan bo‘lardi va, turgan gapki, u hasaddan soqollarini yulayotganini ko‘rardi.

Mana, Dellaning ajoyib sochlari xuddi shokolad tusli sharsharaning jo‘shqin oqimlaridek elkasi bo‘ylab sochilib, jilolanib, yaltiray boshladi. Uning tizzasidan sal pastroqqacha tushgan sochlari butun qomatini yoping‘ichdek o‘rab olgandi. Ammo Della darhol asabiylashib, shosha-pisha sochlarini yig‘a boshladi. Keyin bir zum ikkilangancha qimirlamay turdi,  yonoqlari uzra dumalagan ikki yoki uchta ko‘z yoshlari to‘zib ketgan qizil gilamning ustiga tushdi.

Della eskigina jigarrang nimchasini elkasiga ildi, urfdan chiqib qolgan jigarrang shlyapasini kiydi va hali qurishga ulgurmagan ko‘z yoshlarini yaltiratgancha, etaklarini shitirlatib ko‘chaga chiqib ketdi.

Della do‘kon devoridagi “M-te Sophronie. Sochlardan tayyorlangan turli buyumlar” deb yozilgan  taxtacha oldida to‘xtadi. Keyin g‘izillagancha ikkinchi qavatga ko‘tarildi va nafas rostlab olish uchun to‘xtadi.

— Mening sochlarimni olasizmi? — so‘radi Della do‘kon sohibasidan.

— Men sochlarni sotib olaman, — quruqqina qilib dedi xonim. — Qani, shlyapangizni eching-chi! Men oldin molni yaxshilab ko‘rib olishim kerak.

Della shlyapasini echdi va yana elkasiga shokoladrang sharshara quyildi.

— Yigirma dollar beraman, — dedi xonim, quyuq sochlarni qo‘llari bilan salmoqlab ko‘rarkan.

— Bo‘pti, bera qoling, — dedi Della.

Keyingi ikki soat pushtirang qanotlarda o‘tib ketdi. Siyqasi chiqib ketgan iborani ishlatganimiz uchun uzr so‘raymiz. Della orzularga berilgancha, do‘konma-do‘kon izg‘ib, Jim uchun sovg‘a izlardi.

Nihoyat, u izlagan narsasini topdi. Shubhasizki, bu buyum Jim uchun va faqatgina uning uchun yaratilgan edi. Boshqa do‘konlarda bundan-da yaxshiroq narsa yo‘q edi va buni Della yaxshi bilardi. Chunki ularning barini allaqachon boshdan-oyoq ko‘rib chiqishga ulgurgandi.

Bu cho‘ntak soatini osishga mo‘ljallangan, oddiy va sipogina naqshli platina zanjir bo‘lib, yuzaki hashamati emas, balki haqiqiy sifati bilan odamni o‘ziga mahliyo qilardi. Aslida ham,  barcha yaxshi narsalar shunaqangi bo‘lishi lozim. Bu zanjir, turgan gapki, Jimning soatiga judayam munosib edi.

Della zanjirni ko‘rishi bilanoq bu Jimniki bo‘lishi kerakligini tushunib etdi. U xuddi Jimning o‘ziga o‘xshardi. Ularning ikkovini ham kamtarlik va ulug‘vorlikdek ajoyib fazilatlar ajratib turardi.

Della g‘aznaga yigirma bir dollarni to‘ladi-yu, cho‘ntagidagi sakkson etti senti bilan uyi tomon shoshildi. Bunaqangi zanjiri bo‘lganidan keyin, Jim har qanday joyda ham soat necha bo‘lganini tekshirib ko‘rishga uyalmaydi. Soati judayam ajoyib va qimmatbaho bo‘lsa-da, eskirib ketgan charm tizimchaga osilgani tufayli ham shu paytgacha unga yashirincha qarab olishga majbur bo‘lardi.

Uyga kelgach, Dellaning quvonchi bir oz bosilib, o‘rnini tadbirkorlik va omilkorlikka bo‘shatib berdi. U sochni jingalak qiluvchi qisqichlarini oldi, gazni yoqdi va oliyhimmatlik muhabbatga qo‘shilgan holda keltirgan talafotlarni to‘g‘rilashga tutindi. Bu esa, do‘stlarim, doimo mislsiz mehnatdan iborat bo‘ladi.

Oradan qirq daqiqa o‘tar-o‘tmas, Dellaning boshi mayda jingalak gajaklar bilan qoplandi. Bir qarashda u maktabdagi darslardan qochgan o‘quvchi bolaga o‘xshab ko‘rinardi. U ko‘zgudagi aksiga uzoq va tanqidomuz boqdi.

“Mayli, — dedi u o‘ziga-o‘zi, — agar Jim meni darrov o‘ldirib qo‘ymasa, yaxshilab qaraganidan keyin, Koni-Aylenddagi qo‘shiqchi ayolga o‘xshab qolganimni payqaydi. Axir sovg‘a olish uchun bir dollar-u sakson etti sentdan boshqa pulim bo‘lmasa, nimayam qila olardim, axir? Axir mening shundan boshqa ilojim ham yo‘q edi-da!”

Kechki soat ettida qahva qaynadi. Gaz ustidagi qizigan tova esa qo‘y go‘shtidan tayyorlangan kotletlarni qovurishga tayyor holda  turardi.

Jim hech qachon kechikmasdi. Della platina zanjirni mushtumida mahkam qisgancha eshikning yaqinrog‘ida turgan stolning chekkasiga o‘tirdi. Tez orada erining zinadan chiqib kelayotgan qadam tovushlari eshitildi va bir zumda ayolning rangi oqarib ketdi.  Uning har qanday mayda-chuyda vaziyatlarda ham Yaratganga iltijo qiladigan odati bor edi. Mana, hozir ham u shosha-pisha shivirlay boshladi:

— Ey, xudoyim, shunday qilginki, bu ishim uchun Jim meni yomon ko‘rib qolmasin!

Eshik ochildi. Jim ichkariga kirib, eshikni yopdi. Uning yuzi ozg‘in, tashvishli edi. Axir yigirma ikki yoshida ro‘zg‘or xurjunini elkasiga ortish oson emas-da! Uning paltosi eskirgan, allaqachon yangisini olishi kerak edi. Qo‘lqopi yo‘qligi sababli qo‘llari ham muzlardi.

Jim eshik oldida qimirlamay turardi. Uning turishi xuddi bedanani payqagan tozi itnikiga o‘xshar, ko‘zlari esa Dellaga qadalib qolgandi. Erining ko‘zidagi ifoda nimani anglatishini tushuna olmagan Della dahshatga tushdi. Jimning ko‘zlaridagi ifoda na g‘azabni, na hayratni, na ta‘nani, na dahshatni anglatmas, undan kutish mumkin bo‘lgan hissiyotlarning birontasiga ham o‘xshamasdi. U shunchaki xotinidan ko‘zini uzmay tikilar, yuzidagi g‘alati ifoda sirayam o‘zgarmasdi.

Della stol ustidan sakrab tushib, Jim tomonga otildi.

— Jim, azizim, menga bunday qarama! — xitob qildi u. — Yangi yilda senga sovg‘a olmasam, buni yuragim ko‘tara olmasdi, shuning uchun ham sochlarimni kesib, sotib yubordim. Xavotirlanma, sochlarim yana o‘sib ketadi. Qilgan ishimdan jahling chiqmayapti, to‘g‘rimi? Axir mening boshqa ilojim yo‘q edi-da! Mening sochlarim judayam tez o‘sadi. Jim, azizim, tezroq meni Yangi yil bilan tabriklagin, keyin bayramga tayyorgarlik boshlaymiz. Senga qanaqangi ajoyib sovg‘a tayyorlaganimni bilsang edi! Misli yo‘q ajoyib sovg‘a!

— Sochingni kesdingmi? — nihoyat so‘radi Jim zo‘rg‘a tilga kirarkan.

Go‘yo uning miyasi zo‘r berib ishlasa-da, ammo haliyam bo‘lgan voqeani idrok eta olmayotganga o‘xshardi.

— Ha, kesib, sotib yubordim, — dedi Della. — Ammo sen baribir meni sevaverasan-ku, to‘g‘rimi? Sochim kalta bo‘lsa ham, o‘zligimcha qolaveraman-ku!

Jim hayronligini yashirolmay, xonaga alangladi.

— Demak, uzun sochlaring endi yo‘qmi? — so‘radi u ma‘nodan xoli qat‘iyat bilan.

— Xonadan sochlarimni izlama, baribir topolmaysan, — dedi Della. — Senga aytyapman-ku, sochlarimni sotdim. Kesib, sotib yubordim… Jim, bugun Yangi yil arafasi-ku! Mendan jahling chiqmasin, axir buni seni deb qildim, — dedi Della va mayin ovozi qat‘iyatli tus oldi. —  Ehtimol, boshimdagi sochlarimni sanash mumkindir-u, ammo senga bo‘lgan sevgimni o‘lchab bo‘lmaydi! Jim, kotletlarni qovuraveraymi?

Shundagina Jimni qamrab olgan karaxtlik yo‘qoldi. U paltosining cho‘ntagidan kichkinagina tuguncha chiqarib, uni stol ustiga qo‘ydi.

— Della, meni to‘g‘ri tushun, — dedi u sal ovozi bo‘g‘ilib. — Sochingning uzun-qisqaligi ham, soch turmaklaring ham senga bo‘lgan sevgimni kamaytira olmaydi. Ammo manavi tugunchani ochsanggina nima uchun shunaqangi kalovlanib qolganimni tushunib etasan.

Dellaning oppoqqina, chaqqon barmoqlari tizimchani tez-tez uzib, qog‘oz tugunchani ochdi. Oldin uning hayrat to‘la xitobi yangradi, keyin esa  — afsuski! — faqat ayollargagina xos bo‘lgan ko‘z yoshi daryosi oqib, fig‘on chekish boshlandiki, ularni bartaraf qilish uchun uy egasining ancha-muncha tinchlantiruvchi vositalardan foydalanishiga to‘g‘ri keldi.

Zero, tugunchada sochga taqiladigan taroqlar to‘plami bor edi. Della bittasi boshning orqasiga, ikkitasi ikki chakkaga taqiladigan taroqlar to‘plamini Brodveydagi do‘konlardan birining peshtaxtasida ko‘rib, havasi kelganiga ancha bo‘lgandi. Haqiqiy toshbaqa kosasidan yasalgan, chekkalariga yaltiroq toshchalar qadalgan ajoyib taroqlar uning shokoladrang sochlariga judayam munosib edi.

Bu taroqlar qimmat turardi. Shuni bilgani uchun ham ularga etisholmasligini tushungan Dellaning ancha vaqtgacha yurak-bag‘ri ezilib yurgandi. Mana u orzusidagi taroqlarga erishdi, ammo ular bezashi kerak bo‘lgan ajoyib sochlari endi yo‘q.

Shunga qaramay, Della taroqlarni ko‘ksiga bosgancha, nihoyat boshini ko‘tarib, ko‘z yoshlari aro tabassum qilish uchun o‘zida kuch topa oldi.

— Jim, mening sochlarim judayam tez o‘sadi! — dedi Della.

Kutilmaganda u xuddi kuyib qolgan mushukchaday bir sakrab tushdi-da, xitob qildi:

— Voy, xudoyimey!

Axir Jim uning ajoyib sovg‘asini ko‘rmadi-ku! U shosha-pisha mushtumini ochib, kaftidagi zanjirni unga uzatdi. Tussizgina tovlanuvchi qimmatbaho metall uning jo‘shqin va samimiy quvonchi nurlarida yaraqlab ketgandek bo‘lib tuyuldi.

— Jim, buning ajoyibligini ko‘rgin-a! Buni topgunimcha butun shaharni kezib chiqdim. Endi kuniga yuz marta soatingga qarashing mumkin. Qani, soatingni menga ber-chi! Ikkalasi bir bo‘lganida qanday ko‘rinishini bilgim kelyapti!

Ammo Jim unga soatini uzatish o‘rniga o‘rniga yotib oldi, qo‘llarini boshi tagiga qo‘ydi-da, jilmaydi.

— Della, — dedi u odatdagidek muloyim ohangda, — hozircha sovg‘alarimizni yashirib qo‘yishimizga to‘g‘ri keladi. Mayli, ularni ishlatishimizni ozgina kuta qolishsin. Ular hozir biz uchun judayam qimmatlik qiladi. Gap shundaki, senga taroq olish uchun soatimni sotib yuboruvdim. Endi esa kotletlarni qovurishga kirishsang ham bo‘ladi…

Beshikda yotgan go‘dakka sovg‘a keltiradigan sehrgarlar odatda dono, o‘taketgan aqlli odamlar bo‘lishgan. Yangi yil sovg‘alarini berish odatini ham ular yaratishgan.  Aqlli bo‘lganlari tufayli sovg‘alari ham donolarcha, hatto zarurati qolmaganida almashtirish imkonini beradigan  bo‘ladi.

Men esa sizlarga sakkiz dollarli ijraxonada yashovchi, bir-birlariga sovg‘a olish uchun uzoq bosh qotirib o‘tirmay, eng qimmatbaho xazinasini qurbon qilgan tentak bolalar haqidagi oddiygina hikoyani so‘zlab berdim. Ammo zamonamizdagi donishmandlarga ibrat sifatida ta‘kidlab o‘tishimiz joizki, bu ikkovlon eng aqlli insonlardir. Hadya beruvchi va oluvchilar ichida faqat bularga o‘xshaganlargina asl donishmandlar bo‘lishadi. Doim va hamma joyda shunday. Aslini olganda, sehrgarlar aynan ularning o‘zginasidir.

 Muhabbat YO‘LDOShEVA tarjimasi.