Juma, 22 Iyun 2018

Da‘vo arizasi qondirildi

Xorazm viloyati Urganch tuman IHHQ jamiyati tomonidan  Soliya Ollaberganovaning shikoyati asosida sudga da‘vo arizasi kiritildi. Unda 2017 yil 6 yanvarda “Urganchtumangaz” filiali tomonidan rasmiylashtirilgan 2367-sonli dalolatnomani haqiqiy emas deb topish so‘raldi. Sud majlisida da‘vogar 2017 yil 6 yanvarda “Urganchtumangaz” filiali tomonidan GHU yaroqsiz deb rasmiylashtirilgan 2367-sonli dalolatnoma noqonuniy rasmiylashtirilgani, dalolatnomada xonadon egasining imzosi yo‘qligi, dalolatnoma rasmiylashtirish qoidalariga rioya qilinmaganini bildirgan va ushbu dalolatnomani haqiqiy emas, deb topishni so‘ragan.

“Urganchtumangaz” filiali vakili sud majlisi bo‘lish vaqti va joyi haqida tegishli tartibda ogohlantirilishiga qaramay, sud majlisiga etib kelmadi. Shunga ko‘ra sud FPKning 174-moddasi, uchinchi qismiga asosan ishni javobgarning ishtirokisiz ko‘rishni lozim topib, da‘vogarning tushuntirishini tingladi va ishda to‘plangan hujjatlarni ko‘rib chiqib, quyidagi xulosaga keladi.

Aniqlanishicha, 2017 yil 6 yanvarda “Urganchtumangaz” filiali tomonidan Urganch tuman Bekobod qishlog‘i “Oq yop” mahallasida yashovchi Soliya Ollaberganova xonadonidagi GHU yaroqsiz deb, 2367-sonli dalolatnoma rasmiylashtirilgan va xonadonga 487 490 so‘m yuklama qilingan. Ushbu dalolatnomada xolislar ishtiroki ta‘minlanmagan, dalolatnoma tuzilishidan oldin ogohlantirish xati berilmagan, xonadon egasi dalolatnoma bilan imzo qo‘yish orqali tanishtirilmagan yoki imzo qo‘yishdan bosh tortganligi to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi FKning 12-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi FPKning 18, 174, 203-206, 269, 271-moddalarini qo‘llab hal qiluv qaroriga asosan, iste‘molchi S.Ollaberganovaning javobgar “Urganchtumangaz” filialiga nisbatan dalolatnomani haqiqiy emas, deb topish haqidagi da‘vo arizasi qanoatlantirilishi va Xorazm viloyat “Shimolgazta‘minot” UK “Urganchtumangaz” filiali tomonidan 2017 yil 6 yanvarda rasmiylashtirilgan 2367-sonli dalolatnomani haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Mazkur ariza yuzasidan o‘rganish o‘tkazilib, 487 490 so‘m pul iste‘molchi Xushnud Saparovning onasi S.Ollaberganovaning foydasiga ijobiy hal qilindi va tegishli tartibda javob xati taqdim qilindi.

O‘zbekiston IHHQ jamiyatlari federasiyasi