Dushanba, 16 Iyul 2018

Bo‘sh o‘rindiq

Bola avtobusga chiqdi-yu, bo‘sh o‘rindiqlarni ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi. Ular go‘yo “Hohlaganingni egalla” deyayotgandek, o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilayotgandek edi.

Tushish manzili eng oxirgi bekat bo‘lgani uchun bola oyna tomondagi bir o‘rindiqli joyga qulay o‘rnashib oldi. Yigirma daqiqalardan keyin avtobus tiqilinch bo‘lib ketdi. Bola esa beparvo, oynadan tashqarini tomosha qilib borardi. Kutilmaganda katta yoshlardagi ayol elkasiga turtib: “O‘zingdan kattalarga joy bermaysanmi?” dedi chimirilib. Unga boshqasi qo‘shildi: “Yoshgina, soppa-sog‘ bo‘laturib o‘tirib olishadi, katta yoshli, sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmaganlar esa tik turishi kerak!..”

Avtobusdagilarning nigohi bolaga qadaldi.

“Mayli, — dedi u bosiqlik bilan. — Men turaman. Lekin bu joyga o‘rnimdan turg‘azganiga afsuslanmaydigan odam o‘tiradi”.

Ana endi hammaga gap topildi, to‘rt tomondan “tarbiyasiz” bolaga dashnomlar yog‘dira ketishdi. Bola esa malomatlar yomg‘iri ostida o‘rindiq tagiga egilib, ikkita hassa oldi, ularga suyanib o‘rnidan turdi…

Hamma hayratdan qotib qoldi. Katta yoshli ayol esa bolaning oyog‘ini asabiy tarzda turtganida, u hech qanday e‘tibor bermagani sababini endi tushundi.

Olag‘ovur tindi. Avtobus manziliga etguncha uning ichida jimlik hukm surdi. Bola qiynalsa ham, tik turib ketdi. Oyna yonidagi bir kishilik o‘rindiq keta-ketguncha bo‘sh edi…

Nigora NE‘MAT qizi.