Chorshanba, 19 Sentyabr 2018

Ajralishni istamayman

Ota-onamning xohish-istagiga ko‘nib, turmushga chiqdim. Turmush o‘rtog‘im Akmal aka bilan ikki-uch oycha totuv yashadik. Keyin erim negadir o‘zgara boshladi.

U ba‘zan yarim kechagacha uyga kelmasdi. Erimning xiyonat ko‘chasiga kirganini sezib turardim. Chunki kechasi qaytganida ust-boshidan turli lab bo‘yoqlari, notanish atir hidlari anqirdi. Bu haqda o‘ziga bir necha bor gapirdim ham, ammo u meni qattiq jerkib, hatto urishib tashladi. Oxiri bu haqda onamga aytishga majbur bo‘ldim. U kishi “Qizim, sabrli bo‘l, farzand ko‘rsang, insofga kirib qolar” deb, meni yupatdi.

Bir kuni qaynanam va Akmal akam “Onangni ko‘rib kelamiz” deb, biznikiga boradigan bo‘lishdi. Onam bizni ko‘rib, rosa xursand bo‘lib ketdi. Lekin… kutilmaganda qaynanam: “Qudajon, mana, farzandlarimiz oila qurishganigayam bir yilcha bo‘lib qoldi, ammo negadir qizingiz homilador bo‘lmayapti. Aytishlaricha, u tug‘mas ekan” dedi va meni shu erda qoldirib o‘zlari ketishdi.

Bu tuhmatni eshitib, karaxt bo‘lib qoldim. Shundan so‘ng erim  kelib, ajrim berishim kerakligi, men bilan yashamasligini aytib, baqir-chaqir, dag‘dag‘a qilib ketadigan odat chiqardi. Bu hol bir necha bor takrorlandi.

Ikki yilcha o‘tib, meni sudga chaqirishdi. Akmalning da‘vo arizasidagi vajlarni eshitib, tuhmat balosi naqadar dahshatli ekanligini tushunib ketdim. Ularning sudga yozishlaricha, go‘yo men bir dunyo buyumlarini so‘roqsiz uydan olib ketib qolgan emishman. Ustiga ustak, onamni murosaga keltirish uchun kelgan erim va qaynanamni quvib solganmishman…. Bunday yolg‘onlarni eshitib, yoqamni ushladim.

Hozir ikki yo‘l orasidaman. Aslida erim bilan nikohimizning bekor bo‘lishiga arzirli hech qanday sabab va vaj yo‘q. Erimning yaqinlari to‘ydan oldin bir yilcha uyimizga tinmay sovchi yuborishgan edi. Endi esa biz sababsiz yomonga aylandik. Onam bechora ham: “Men seni baxtsiz qildim, nega shoshildim?” deya kunu tun pushaymon…

Sabr qilsak, farzandli ham bo‘larmiz. Balki ikkovimiz ham davolanishimiz kerakdir. Ammo qaynanam: “Mening o‘g‘lim soppa-sog‘, ayb faqat sizda”, deyishdan nariga o‘tmayapti. Men esa sudda ajrashishga norozi ekanimni qat‘iy aytdim. Axir ajrashsam, odamlar nima deydi?

Suddagilar bizga bir qarorga kelish uchun muhlat berdi. Men endigina boshlagan hayotimni tashlab, arosatni tanlash niyatida emasman. Erim esa men bilan birga yashashga ko‘nmayapti. Bu vaziyatni qanday yumshatishni bilmay, boshim qotgan…

Anora,

Andijon viloyati.

 Nigora ALIShER qizi tayyorladi