Yakshanba, 21 Yanvar 2018

Haj ziyoratiga borish tartibi o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi 1031-son qarori bilan “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Telegram” tarmog‘idagi kanalida ma‘lum qilindi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Haj ziyoratiga bormoqchi bo‘lgan fuqaro oldin “Haj”ga bormagan bo‘lishi lozim (oldingi talab so‘nggi 5 yil mobaynida “Haj”ga bormagan bo‘lishi kerak edi). Bundan tashqari, mahallalarda hajga borishga nomzodlarni saralab olish uchun ishchi guruhlar tuziladi. Haj ziyoratiga borishga navbatga qo‘yilgan nomzodlar ro‘yxati tegishli hududdagi masjid va o‘zini o‘zi boshqarish organlarining binolarida e‘lon qilinadi hamda 15 kun mobaynida ular bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganiladi. Ishchi guruhlar nomzodlar bo‘yicha jamoatchilik fikri va e‘tirozlarini 5 kun muddatda tekshirishi lozim bo‘ladi.