Seshanba, 25 Iyun 2019

Avtomobil boshqarish madaniyati haqida

 Olamda avtomobil yaratilganidan buyon har turli qoidalar ishlab chiqildi, hayotga tatbiq etildi. Bular faqatgina transportni boshqarish yoki yo‘l harakati qoidalarigina emas. Har bir haydovchi avvalo, inson sifatida amal qilishi lozim bo‘lgan bir qancha yozilgan va yozilmagan qoidalar ham borki, ularning ba‘zilariga to‘xtalishga qaror qildik.

 Ayollar hamisha hurmatga sazovor

Avvallari erkak-haydovchi karetadan tushayotganda ayol suyanib tushishi uchun qo‘lini uzatgan. Hozir esa erkak kishi avtomobil eshigini ayolga ochib beradi va uning avtomobilga o‘tirishiga yordam beradi. Biroq bunday mulozamat faqat ba‘zi rasmiy doiralardagina saqlanib qolgan. Shuningdek, bu xildagi munosabat alohida nazokat sifatida qabul qilingan. Rulda o‘tirgan erkak (xizmat mashinasini boshqaruvchi shtatdagi haydovchi emas) faqatgina engashib avtomobilning xonim o‘tirgan eshigini ochib beradi.

Mehmon va keksalar uchun mulozamat zarur

Xalqaro bitimlar qoidalarida avtomobil joylari bir necha faxrli o‘rinlarga bo‘linadi. Mashina yurayotganda uning o‘ng tomonidagi orqa o‘rindiq eng faxrli va xavfsiz joy hisoblanadi. Faxrli joyni egallagan yo‘lovchi birinchi bo‘lib mashinaga o‘tiradi va mashinadan tushadi. Qolganlar esa chap tomondagi eshikdan o‘tiradi.

Odatda, haydovchi yonidagi o‘rindiqni avtomobil egasining rafiqasi egallaydi. Ba‘zi hollarda bu o‘rindiqqa o‘tirishni mehmonlarga taklif qilish mumkin. Biroq agar siz taksi haydovchisi bo‘lmasangiz, haydovchi yonidagi oldingi joyga mehmonni o‘tirishga taklif qilsangiz, “qoida”ni buzgan bo‘lasiz. O‘z mashinangizda bo‘lsangiz, mehmonni oldingi o‘rindiqqa taklif qilishingiz mumkin. Unutmang, mehmonlardan oldin eshikni ochish erkak kishi, haydovchi, soqchi yoki tarjimonning vazifasiga kiradi.

Shuningdek, o‘rta yoshdagi odamlar keksaygan kishilarga oldingi o‘rindiqni bo‘shatib berishi kerak. Albatta bunda ularning xohishlari ham inobatga olinadi.

Yo‘l hammaga etadi

Agar siz avtomobil boshqaruvida bo‘lsangiz, yodda tutingki, yo‘l hammaga tegishli va uni poyga maydoniga aylantirish yaxshilikka olib bormaydi. “KAMAZ — raketa emas, katta yo‘l — kosmos emas” degan hazilni eshitgandirsiz? Orqada kelayotgan mashina sizdan o‘tkazib yuborishingizni so‘rasa, unga yo‘l bering. Boshqa mashinani o‘tkazib yuborishni o‘zingizga nisbatan kamsitish deb baholash ahmoqona odatdir. Agar bu odat sizda bo‘lsa, tezgina undan voz kechishingizni maslahat beramiz. Vaqti kelganda xursand bo‘lasiz.

 Taqiqlar

Barcha qoidalarga ko‘ra, mashina boshqaruviga mast holda o‘tirish taqiqlanadi. Mashina boshqaruvida o‘zi va boshqalarning hayotiga xavf soluvchi har qanday holatlardan tiyilgan ma‘qul.

Xavfsizlik kamarini taqib oling. Bu yo‘ldagi kutilmagan hodisalardan jarohatlanishdagi xavfni ancha kamaytiradi.

 Shuningdek…

Rangli signallar tizimidan foydalanish ortiqcha. Birinchidan, u sizni yo‘l-transport hodisalaridan saqlamaydi. Signalizasiyadan o‘z manfaatingiz uchun foydalanish sizga boshqa haydovchilar va piyodalar tomonidan yaxshi tanbehlarni keltirmaydi.

 “Tiqin”larda asabiylashmang

Yo‘lda haydovchidan avvalo ehtiyotkorlik va e‘tibor, epchillik va aniqlik talab etiladi. Ba‘zan chorrahalarda mashinalar tiqilinch bo‘lib qoladi. Bunday hollarda asabiylashish, boshqalardan tezroq o‘tib ketishga harakat qilishning foydasidan ko‘ra zararli tomonlari ko‘p.

 Tinim bilmas haydovchilar uchun

Uzoq yo‘l bosib borayotgan haydovchilar har uch soatda to‘xtab, bir nechta jismoniy harakatlarni bajarsalar, o‘zlari uchun nechog‘li foydali bo‘lishini bilardilar. Masalan, yuz-qo‘llarni yuvishi, imkon qadar 15-30 daqiqa mizg‘ib olishi ham mumkin. Shuningdek, choy yoki qahva ichib olsa bo‘ladi. Tunda ketayotgan bo‘lsangiz, yanayam ehtiyotkor bo‘ling, chunki qarshingizdagi avtomobillarning chirog‘i ko‘zni qamashtiradi.

Yo‘lda harakatlanayotgan vaqtda yo‘lovchilar, ayniqsa, ayollar  haydovchini gapga tutmagani ma‘qul. Bu uni boshqarishdan  chalg‘itadi.

ShOH JAHON tayyorladi.