Dushanba, 16 Iyul 2018

Qachon muvaffaqiyatga erishamiz?

Muvaffaqiyat va omad istagida jahon kezib yurgan yigit maqsadi sari eltadigan zarur maslahatni olish uchun uzoq yo‘l bosib, olis mamlakatdagi nom qozongan keksa donishmandning oldiga kelibdi. Ko‘l yoqasida baliq ovlayotgan donishmand muvaffaqiyat talabgorining muddaosini tinglagach, unga suvga tushishni buyuribdi. Jahongashta hayratini yashira olmay, bir muddat donishmandga taajjubli nigohda tikilib qolibdi.

— Suvga tush! — takrorlabdi dono odam.

Jahongashta noiloj oyog‘ining uchini ko‘lga sekin botirib, tizzasigacha suvga tushibdi. Chol unga yurishda davom etishni buyuribdi. “Tavba, men bu choldan qanday qilib muvaffaqiyat qozonishim mumkinligini so‘rash uchun shuncha yo‘l bosib kelsam-u, u bo‘lsa meni masxara qilsa…” — degan o‘y o‘tibdi yigitning xayolidan. Donishmand esa unga yurishda davom etaverishni buyuraveribdi.

Jahongashta yigit elkasigacha suvga botibdi.

— Balki bo‘ldi qilarman? — debdi so‘ng.

Chol qo‘li bilan ko‘lning o‘rtarog‘iga ishora qilibdi. Suv avvaliga dahanga, keyin esa ko‘z va peshanaga qadar ko‘tarilibdi. O‘n-o‘n besh soniyadan so‘ng ko‘lga g‘arq bo‘layozgan yigit donishmandning ortga qaytishi mumkinligi haqidagi buyrug‘ini eshitganday bo‘libdi va ortga qaytibdi.

— Endi senga savolim bor, — debdi donishmand. — Menga ayt-chi, suv ostiga cho‘kayotganingda jon-jahding bilan xohlagan, idrokingdagi yagona istak nima edi?

— To‘yib-to‘yib nafas olgim keldi, — javob beribdi hansirayotgan yigit o‘ylab ham o‘tirmasdan.

— Barakalla! Qachonki jismingda hamda idrokingda muvaffaqiyat qozonishga bo‘lgan ana shunday kuchli istak uyg‘onsa, o‘shanda albatta, muvaffaqiyatga erishasan, — debdi donishmand…

Bu dunyoda o‘zgarish — eng qiyin ish. Sababi shuki, bir damlik huzur-halovatning o‘zi bilan cheklanib qo‘ya qolamiz. Qo‘rqoq tuyg‘ular bizni cho‘chitib turadi. Miriqib dam olishga bo‘lgan xohishimiz ko‘pincha muvaffaqiyat qozonish ishtiyoqidan ustun keladi. Aslida barchaga teng imkoniyat hamda vaqt berilgan. Faqat kimlardir bir oz ko‘proq ishlaydi, xolos. Erishadigan narsang uchun har daqiqa o‘zingda bor narsadan voz kechishga tayyor turish — hayotning g‘alaba qozonish uchun muhim qoidasi. Bu “qurbonlik” sening huzur-halovating, to‘yib-to‘yib dam olishing, kunlab hordiq chiqarishing, vaqtichog‘liging, televizor qarshisida soatlab filmlar ko‘rishing bo‘lishi mumkin. Xitoylik donishmand Lao Szi aytgani kabi, huzur bilan tamaddi qilishni istasangiz, avval ochlikni his qiling. Hamma narsaga erishishdan avval hamma narsangizdan voz kechish lozimligini ham unutmang!

Ingliz tilidan Shuhrat SATTOROV tarjimasi.