Juma, 20 Aprel 2018

Ahil oila (Hajviya)

— Uyg‘ondingizmi, begim!

— Uyg‘ondim, asalim.

— Yaxshi dam oldingizmi, arslonim?

— Shakarim, nonushtani tezlating.

— Xo‘p bo‘ladi, sultonim.

— Rahmat, go‘zalim.

— Arzimaydi, hayotim…

Bunchayam tinch-totuv oila ekan, deb havasingiz keldimi? Xulosa chiqarishga shoshilmang. Bu bir-birlarining ismlarini esdan chiqarib qo‘ygan er-xotinning erta tongdagi muloqotlari, xolos!

Bunaqa chiroyli muomaladan “bir qop semirish”ni odat qilgan bolalarning onasi “temirni qizig‘ida bos” maqoliga amal qilgan holda, o‘sha kuniyoq erjonini sport buyumlari do‘koniga boshladi. Nega deysizmi? Ha, o‘sha shirin muomala, shirin-shirin taomlardan orttirilgan yog‘larni nazorat qilib borish kerakmi, axir?!

…— Bo‘ldi-da, endi, xotin, bittasini tanla-qo‘y! Sen charchamagan bo‘lsang, mana, men charchadim.

— Olganga yarasha yaxshisini olish kerak, dadajonisi. Ertaga buzilib qolib, “yana olib bering”, desam, ko‘zingizga baloday ko‘rinishimni bilaman?!

— Oberaman! Obermaganam nomard! Xudo xayringni bersin, tezroq bittasini tanla! Axir mashina olayotganing yo‘q-ku?! Bu bor-yo‘g‘i vazningni o‘lchaydigan tarozi bo‘lsa?!  Mana, manavinisini olaylik.

— Bo‘lmaydi. Aynan shunisi raqamlarni xira ko‘rsatarkan.

— Tag‘in qanaqa raqam?

— Qanaqa raqam bo‘lardi? Og‘irligimni o‘lchaganda kilogramm raqamda chiqadimi?! Yoki rasmimni chizib ko‘rsatadimi?

— Bunisi-chi, bunisi?

— Bunisi polni tirnarkan. Yaqindagina parket qoqqanimiz esingizda yo‘qmi?

— Voy, bu umuman muammomas! Tarozingni gilamning ustiga qo‘yamiz, tamom-vassalom!

— Gilamniyam teshvorsa-chi?!  Uydagi yangi gilamlarni oldirguncha sizga gapiraverib, yalinaverib chakagimda chakak qolmagan! Boshqa bunaqa sinovga dosh berolmayman, bu aniq!

— Bo‘lmasa, bilganingni qil! Bittasini tanlaganingdan keyin telefon qilarsan, pulini to‘lab olib ketaman.

— Voy-voy, hecham-da! Ozgina sabr qilasiz, birga ketamiz. Menga manavi ikkita tarozi ma‘qul keldi. Qaysi birini olamiz?

— Raqamni xira ko‘rsatmasakanmi?

— Yo‘q, binoyidek.

— Polni ilma-teshik qilsa-chi?

— Yo‘q, yaxshi. Mana, o‘zingiz ko‘ring.

— Axir bu tarozilarni bir yarim soat ilgari, do‘konga endi kirib kelganimizda ko‘ruvdik-ku?!

— Ha. Shunaqa bo‘lgan bo‘lsa nima qipti?

— Unday bo‘lsa, manavinisini olamiz!

— Nimaga aynan shunisini?

— Chunki shu taroziga chiqqaningda og‘irliging…naq qirq grammga engilroq chiqqandi, eslab qoldim! Agar ishonmasang…

— Hay-hay, indamasam, meni yomon xotinga chiqarib qo‘yasiz-a? Nega endi, arslonimga ishonmas ekanman!  Ishonaman! Mayli, siz aytganingizday bo‘laqolsin! Xuddi shu tarozini ola qolamiz!

Do‘kon mashmashasiyam “oson”gina hal bo‘lganidan xursand bo‘lgan er, uyga kelishi bilan to‘rt oyoqli do‘sti — divanjonning bag‘riga singib ketguday yopishdi. Tarozini joy topib o‘rnashtirgan xotin esa uning ro‘parasiga kelib, minnatdor ohangda gap boshladi:

— Boya do‘konda “Axir mashina olayotganing yo‘q-ku?” deganingizda yuragim g‘alati bo‘lib ketdi.

— Nega g‘alati bo‘ladi?

— Esingizdami, bir dugonam eri bilan har janjallashganda mushukchaning ichiga ming so‘mdan tashlaydigan odatimiz bor, deganini aytuvdim.

— Esimda! Xo‘sh, nima bo‘pti?

— Kecha o‘sha dugonamni uchratib qolgandim, tag‘in maqtandi.

— Nima deb maqtandi?

— Eri bilan har jiqillashganda yiqqan o‘sha pullariga engil mashina sotib olishganmish!

— Yo‘g‘-e?! Rostdanmi? Qoyil!

— Menam shuni aytaman-da! Keling, bizam shunday qilamiz!

— Janjallashamizmi?

— Yo‘q. Har janjallashganda ming so‘mdan tashlab qo‘yamiz.

— Sho‘rim quridi! Shuncha pulni qaerdan olaman?! — dedi o‘ziga-o‘zi.

Kecha choyxonada aytilgan “Erkaklar hamisha ayollarga tog‘ni tolqon qilishga va‘da berishadi. Qani, orangizda hech bo‘lmaganda bir dona  “tolqon qilingan tog‘”ni ko‘rgan odam bormi?” degan gapni eslab, indamadi. Xotin esa, “sukut alomati rizo”, degan gapni yaxshi bilganidan indamaygina kechki ovqatga unnab ketdi…

Dildora NAZAROVA.

Javob berish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma‘lumotlar * bilan belgilangan