Chorshanba, 17 Oktabr 2018

Biz irimchi emasmiz (hajviya)

Irimga ishonadiganlardan emasman-u, lekin ba‘zilarini hisobga olaman. Masalan, uyda supurgini hech tikka qo‘ydirmayman. Bevaqt qichqirgan xo‘rozni, qancha pulga olganimdan qat‘iy nazar, shartta so‘yaman. Choyga shamacho‘p tushsa, har ehtimolga qarshi uyga  bozorlik qilib kelib qo‘yaman. Burnim qichishsa, tezgina go‘sht qovurtirib, evolaman. Yo‘limni qora mushuk kesib o‘tsa, har ehtimolga qarshi orqamdan birov kelib, birinchi bo‘lib o‘tishini kuti-i-i-ib o‘tirmayman… Vaqtni bekor o‘tkazmay, shartta orqaga burilib, boshqa ko‘chadan ketvoraman. “Kaftingiz qichishgan kuni  yo pul ketadi, yo pul keladi, shuning uchun hamyoningizni uyda tashlab keting”, degan gapgayam xotinning qistovi bilan amal qiladigan bo‘lganman. O‘zimga qolsa bunisiniyam tan olmasdim-u, bitta amal qiladigan irimimning “hurmati” uchun ham tan olishga majburligimni his etib turaman. Ya‘ni, el qatori 13 raqamini xosiyatsiz, deb hisoblasam-da, yilda bir marta beriladigan 13- maoshdan voz kechmayman. Eng malakali irimkash ham bu  sohada men singari yo‘l tutishiga shak-shubham yo‘q. Ya‘ni, 13 raqami xosiyatsizr-o-oq sanalsa-da, lekin 13-maosh ko‘rinishida bir zumda xosiyatliga aylanadi-qo‘yadi. Bu mukofot pulining Yangi yil bayrami arafasida berilishi-ku, nur ustiga a‘lo nur. Ya‘ni, mayda-chuyda xarajatlarning o‘rnini qoplaydi, qurmagur?! Shu xayollar bilan kecha olgan 13-maoshdan o‘g‘ilcha so‘ragan pulni ajratayotganimda xonaga kirib kelgan xotinimning rangi o‘chdi:

— Hay, dadasi, ertalabdan pul sanab, nima kilmoqchisiz?

— Nima qilardim? Bolaga pul bermoqchiman.

— Voy-voy, ertalabdan-a?! Pulni kechqurun bering, ertalabdan bersangiz, barakasi uchadi, deb necha marta aytganman sizga?!

— Obbo! Yana boshlandimi?

— Ha! Kecha menam pul so‘ragandim, esingizda yo‘q! Televizor ko‘rayotganingizda “Sovchi kutadigan dasturxonni to‘g‘rilab qo‘yishim kerak, shunga pul bering,” degandim. Futbol o‘lgurdan uzilolmay, bermadingiz?! Kelgan sovchilarning oldida izza bo‘lamanmi, endi?

— Qanaqa sovchi? Kelishini qayoqdan bilding?

— Keladigan sovchi “boraman”, deb sizdan ruxsat so‘rab o‘tirarmidi? Uch kundan beri hovlidagi yong‘oqning ustiga kelib, zag‘izg‘on sayraydi. Kecha choyimga ikkita uzun cho‘pam tushuvdi. Bu bilsam-bilmasam, ikkita novcha sovchi, degani, dadajonisi. Qizingizni bo‘yi etib qolgan, sovchi unga kelmay, menga kelarmidi?

— Bo‘lmag‘ur gapni qo‘y, choy tayyorla, do‘konga kech qolyapman.

— Voy-voy, to‘xtang, o‘ng kaftim qichishib qoldi. G‘oyibdan etkazgan davlatingdan o‘rgilay! — deb xotin o‘ng kaftini chap qo‘ltig‘iga berkitdi. Kamiga men kuzatib turganim nash‘a qilib:

— Ha, nima, barakani qochirish kerak emas-da! — degancha sharaqlab kuldi.

— Bu turishingdan hali-veri choy tayyorlaydiganga o‘xshamaysan. Mayli, choyni kelib icharman, endi… — deb qo‘l siltab, ko‘chaga otildim. Bolalarning onasi esa zag‘izg‘on sayratishga “sababchi” qizimni tarbiyalashga kirishdiyov, uning xonasiga kirayotib, ostonaga qoqilganini aytib: “Ana xaridorlaring yo‘lda”, deya gap boshlagani qulog‘imga chalindi.

— Oyijon,  nimalar deyapsiz? Qanaqa sovchi? O‘qishim nima bo‘ladi? Men turmushga chiqmayman!

— Ko‘p gapirma! Hali seni shunday joydan so‘rab kelishsinki, qanday qilib rozi bo‘lganingni o‘zing bilmay qolasan… Uyga qaytganimda eshitgan bu gaplarim oradan yarim soat o‘tganiga qaramay, mavzu haliyam o‘zgarmaganidan darak berardi. Meni ko‘rgan xotinimning rangi “quv” o‘chdi.

— Voy, dadajonisi? Darrov qaytibsizmi? Yo ko‘rgan tushim o‘ngidan kelib…

— Ha, ha! Tushingda ko‘rgan bit, ilonlaring senga davlat berganini aytishga chopib keldim.

— Kesatmasdan to‘g‘ri gapiring, nima bo‘ldi o‘zi? Nega rangingiz dokaday oqarib ketdi?

— Kechasi do‘konimizni o‘g‘ri uribdi! Ko‘rganlarning aytishicha, ikkita notanish  novcha yigit, — dedim atay “ikkta novcha” degan  so‘zga urg‘u berib… — Bir haftadan beri do‘kon atrofida izg‘ib qolishgan ekan.O‘shalarning ishi bo‘lsa kerak, deyishyapti… —Ertalab uydan chap oyog‘ingiz bilan chiqib ketganingizni ko‘rib, orqangizdan “ishqilib bir kori hol bo‘lmasaydi”, deb qoluvdim-a… Xotinimning bu gapi qulog‘imga kirdi-yu, lekin miyamda bunga sabab,  “13-maoshni o‘n uch bo‘lakka ajratib ishlatish kerak”, degan irimga amal qilmaganim emasmikan, degan xayol charx  urardi. Yaxshiyam, irimchi emasmiz, bo‘lmasa, bunga aniq ishongan bo‘larmidik?!

Dildora NAZAROVA.