Juma, 20 Sentyabr 2019

Bir chimdim tabassum

— Kecha uyimdagi suvaraklarni tutdim. Orasidan uchtasini qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keldi.

— Nega?

— Hujjatlari joyida ekan.

***

— Samolyot sotib olishga etadigan pulim bo‘lishini orzu qilaman.

— Samolyotni nima qilasan?

— Samolyot kerakmas, shuncha pulim bo‘lishini xohlayman.

***

Antiqa taklif:

“Menga maslahat bermoqchi bo‘lsangiz, 100 ming so‘mlik bog‘lamning belidagi qog‘ozga yozib bering. Jon deb qabul qilaman”.

***

Ovqatlanib bo‘lgan er xotinini maqtadi:

— Juda mazali salat ekan, azizam. O‘zing sotib oldingmi?

***

— Bo‘ldi! Tamom! Ketganim bo‘lsin! Hammasi tamom! Chiptaga pul bering, onamnikiga ketaman!

— Mana, ol! Faqat tezroq jo‘na!

— Qaytish uchun chiptaga pul qani?!

***

— Azizim, siz bilan tanishgan kunimiz juda qattiq momaqaldiroq bo‘lgandi-a? Chaqmoq chaqib, tun xuddi kunday yorishib ketgani, esingizdami?

— Ha…a-a… Esimda, hatto tabiat ham ogohlantirgan ekan-u, tushunmaganimni qara!

***

Avtobusga keksa odam chiqdi. Bolakay unga joy bo‘shatdi. Ammo, qariya uni joyiga qayta o‘tirg‘izib, dedi:

— O‘tiraver, bolajonim. Oyoqlarim hali baquvvat.

Bu vaziyat bir necha marta takrorlanavergach, bola dedi:

— Amaki, qo‘yib yuboring, iltimos! Uyimdan to‘rt bekat o‘tib ketdim.

***

To‘nka ustida o‘tirgan tipratikan maqtanmoqda:

— Men kuchliman! Juda kuchliman! Juda, juda kuchliman! Shunaqangi kuchlimanki…

Shu tobda to‘nka yonidan o‘tayotgan ayiqpolvon uni panjasi bilan tushirib yubordi. Tipratikan qo‘shimcha qildi:

— Ammo engilman!

***

Onaxon radio orqali tabrik  yo‘llamoqda:

— Qizim Gulixonni tabriklayman. Nevaram Oynisaxonni tabriklayman. O‘g‘il nevaram Lazizjonni ham tabriklayman!

— Bir so‘z bilan “hammalarini” deb qo‘ya qoling.

— Yo‘q! Kuyovimni tabriklaydigan ahmoq yo‘q!

***

Shifokor bemorga dedi:

— Agar pianino chalishni tashlasangiz, butunlay sog‘ayib ketasiz.

— Pianinoning sog‘ayishga nima aloqasi bor?

— Tepamda yashaydigan qo‘shnimsiz!

***

— Do‘xtir, menga nimadir bo‘lgan. Qaerimni barmog‘im bilan bosib ko‘rmay, qattiq og‘riq beryapti.

— Demak, barmog‘ingiz sinibdi…

***

— Kitob o‘qishni yomon ko‘raman, qahramonlari ko‘p. Ismlarini esimdan chiqarib, hammasini adashtirib, kim kimligini bilolmay, siqilib o‘tiraman.

— Unda “Robinzon Kruzo”ni o‘qi, senga judayam yoqadi.

***

— Behzodjon, soat 7da uyga kirishga va‘da berganmiding?

— Ha, dada.

— Agar vaqtida kirmasang, men seni jazolashga va‘da berganmidim?

— Ha, dada. Men aytgan gapimda turmadim. Siz ham va‘dangizni unuta qoling?!.

***

— Eshik tagiga qora “Lombardjini”ni kim qo‘ydi? Na kirib bo‘ladi, na chiqib…

— Nega baqiryapsan, mashina o‘zingniki-ku?!..

— Jim! Hamma bilsin, deb ataylab aytyapman!